date

Jamoat joylari va ko‘p qavatli uylar oldida “tashvish tugmalari” o‘rnatiladi

Jamoat joylari va ko‘p qavatli uylar oldida “tashvish tugmalari” o‘rnatiladi
 Yurtimizda aholining osoyishtaligi va tinchligi uchun yana bir muhim qadam tashlanmoqda. Hukumat qarorlariga muvofiq, jinoyatchilik ko‘p qayd etilgan mahallalarda tartibni kuchaytirish va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida yangi tizim joriy etiladi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati ma’lum qildi.

Joriy yilning yakuniga qadar ana shunday hududlarda maxsus huquqni muhofaza qilish punktlari ish boshlaydi. Ushbu punktlarda ichki ishlar va prokuratura xodimlari doimiy ravishda faoliyat olib borishadi. Ular o‘z ish kunini aynan shu yerda boshlab, shu yerda yakunlashadi. Bu orqali huquqni muhofaza qilish idoralari aholiga yanada yaqinroq va tezkor xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yana bir muhim yangilik shundaki, jamoat joylari va ko‘p qavatli uylar oldiga tezkor aloqa uchun maxsus “tashvish tugmalari” o‘rnatiladi. Bu tugmalar orqali fuqarolar shoshilinch holatlarda huquqni muhofaza qilish organlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri xabar berishi mumkin bo‘ladi. Shu orqali qonunbuzarliklar oldini olish va xavfli vaziyatlarga tezkor chora ko‘rish osonlashadi.

Shuningdek, mahallalarda aholi bilan ishlashning yangi usuli ham yo‘lga qo‘yiladi. “Maxalla yettiligi”dan tanlab olingan maxsus targ‘ibotchilar doimiy ravishda fuqarolar bilan muloqot qilib, ularga huquqbuzarliklarning zarari va ularni oldini olish yo‘llari haqida tushuntirish ishlarini olib borishadi. Bu esa jinoyatchilikka qarshi kurashda jamoatchilik ishtirokini yanada kuchaytiradi.

Yana bir qator chora-tadbirlardan biri — har uch kunda mojarolarga moyil oilalar va qonunbuzarlik sodir etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilishdir. Huquqni muhofaza qilish xodimlari mazkur ma’lumotlarni tahlil qilib, qaysi hududda qanday muammolar ko‘proq kuzatilayotganini aniqlaydilar va shu asosda profilaktika ishlarini yo‘naltirishadi.

Bunday choralar orqali mahallalarda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yanada samarali yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini mustahkamlash bugungi kunda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Jamoat joylari va ko‘p qavatli uylar oldida “tashvish tugmalari” o‘rnatiladi