16:27 / 14.12.2016
9 445

Oliy Majlis Abdulla Aripovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tasdiqladi

Oliy Majlis Abdulla Aripovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tasdiqladi

O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini taklif qildi.

"Barchaning fikrlarini hisobga olgan holda men Vazirlar Mahkamasi rahbari o‘rinbosari Abdulla Nig‘matovich Aripovni bosh vazir lavozimiga taklif etaman", degan davlat rahbari.

Nomzod Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim qildi.

Deputatlar va senatorlar o‘rtasidagi ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Abdulla Aripov O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yil 21 dekabrda o‘tkazilgan parlament saylovi yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi eng ko‘p − 52ta deputatlik o‘rniga ega bo‘lib, Konstitusiyaning 98-moddasiga binoan bosh vazir nomzodini ilgari surish huquqini qo‘lga kiritgandi. Partiya Shavkat Mirziyoyev nomzodini ilgari surgan va u ko‘p o‘tmay prezident tomonidan lavozimga qayta tasdiqlangandi. Shavkat Mirziyoyev 4 dekabr kungi Prezident saylovida g‘alaba qozondi.

12 dekabr kuni O‘zbekiston prezidentiga O‘zLiDeP tomonidan bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov nomzodi taklif etilgan edi.

13 dekabr kuni Oliy Majlis Shavkat Mirziyoyevni bosh vazirlik lavozimidan ozod etdi.

Abdulla Aripov 1961 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Mutaxassisligi bo‘yicha — muhandis. 1983 yilda Toshkent Aloqa elektrotexnika institutini tamomlagan.

U 2002 yil mayidan 2012 yil avgustiga qadar bosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2005-2009 yillar davomida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish bosh direktori hisoblangan.

Abdulla Aripov oilali, besh nafar qizi bor. U, shuningdek, iqtisod fanlari nomzodi ilmiy unvoniga ham ega. Aripov "Do‘stlik" va "Mehnat shuhrati" ordenlari bilan mukofotlangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oliy Majlis Abdulla Aripovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tasdiqladi