date

Samarqandda chiqindidan elektr ishlab chiqaradigan yirik zavod qurilmoqda

Samarqandda chiqindidan elektr ishlab chiqaradigan yirik zavod qurilmoqda
Samarqand shahrida atrof-muhitni asrab-avaylash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirishga qaratilgan yirik loyihalardan biri amalga oshirilmoqda. Xususan, shaharning “Xushrav” qo‘rg‘oni hududidagi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘iniga tegishli 15 gektar maydonda chiqindi yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zamonaviy zavodning qurilish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zavod to‘liq ishga tushgach, kuniga 1,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanadi. Bu orqali yiliga taxminan 240 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Loyiha doirasida 150–200 ta yangi ish o‘rni ochilishi ham ko‘zda tutilgan.

Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan imzolangan hamkorlik shartnomalari asosida yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha nafaqat Samarqandda, balki mamlakatning yana 5 viloyatida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, joriy yil 24 mart kuni Prezident qarori bilan “Qattiq maishiy chiqindini yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari” qabul qilingani ham mazkur yo‘nalishdagi ishlarga yangi turtki berdi. Unga ko‘ra, hududlarda ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarni qayta ishlash tizimiga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va yirik investitsiyalarni jalb etish maqsad qilingan.

Samarqand viloyatidagi qurilish ishlariga Xitoyning “Shanghai SUS Environment” LLC kompaniyasi 150 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritmoqda. Loyihaga ko‘ra, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 30 yil davomida kafolatlangan holda “O‘zenergosotish” aksiyadorlik jamiyatiga yetkazib beriladi. Shu bilan birga, chiqindilarning uzluksiz yetkazib berilishi va qayta ishlanishi haqida ham uzoq muddatli shartnomalar tuzilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Samarqandda chiqindidan elektr ishlab chiqaradigan yirik zavod qurilmoqda