O‘zbekiston bo‘ylab millionlab o‘quvchilar uchun intizorlik bilan kutilgan yangi — 2025/2026-o‘quv yilining qo‘ng‘iroqlari yangrash arafasida. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublika miqyosidagi barcha umumta’lim muassasalarida dars mashg‘ulotlari joriy yilning 2 sentyabridan, ya’ni seshanba kunidan boshlanadi.
Alohida ta’kidlanishicha, yangi o‘quv yilining dastlabki soatlari ramziy ma’noga ega bo‘ladi. Chunki barcha maktablarda birinchi dars «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» shiori asosida o‘tkaziladi va bu darslar «Kelajak soati» nomi bilan mashg‘ulotlar dasturidan joy oladi. Mutasaddilarning fikricha, mazkur tashabbus yosh avlod ongida milliy g‘urur, vatanparvarlik va ma’naviy qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, bu yil maktab ostonasini ilk bor qadamlaydigan 738 ming nafardan ortiq bolajonlar uchun ham quvonchli yangilik tayyorlandi. Prezident tashabbusi bilan ularga 12 turdagi o‘quv anjomlarini o‘z ichiga olgan «Prezident sovg‘asi» tantanali ravishda topshiriladi. Bu hadya nafaqat o‘quvchilarni bilim olishga undaydi, balki ularning yangi yo‘lga ilhom va ishonch bilan kirib borishlariga rag‘bat bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, yangi o‘quv yili boshlanish sanasi turli ta’lim bosqichlari uchun farq qiladi. Xususan, akademik litseylardagi o‘quv mashg‘ulotlari hamda oliy ta’lim muassasalarining 1-kurs talabalari uchun darslar 3 sentyabrdan boshlansa, yuqori kurs talabalari uchun o‘quv yili 8 sentyabrdan start oladi.
O‘zbekistonda yangi o‘quv yili 2 sentyabrdan boshlanadi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar