date

Markaziy Osiyoda yangi tarixiy qadam: Afg‘oniston bo‘yicha ilk muloqot o‘tkazildi

Markaziy Osiyoda yangi tarixiy qadam: Afg‘oniston bo‘yicha ilk muloqot o‘tkazildi

O‘zbekiston tashabbusi bilan 2025 yil 26 avgust kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston masalalari bo‘yicha maxsus vakillari ishtirokida ilk marta tarixiy uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan rasmiy vakillar qatnashdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Muloqot jarayonida aloqa guruhi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun umumiy qiziqish uyg‘otuvchi masalalar bo‘yicha muntazam va maqsadli fikr almashish imkonini beradigan mustaqil mintaqaviy platforma sifatida qaraldi.

Ta’kidlanishicha, Afg‘oniston masalasiga nisbatan mustaqil va samarali yondashuvni ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki Markaziy Osiyo va Afg‘oniston geostrategik jihatdan o‘zaro bog‘liq bo‘lib, tarixiy, madaniy va iqtisodiy aloqalarga ega. Shu bilan birga, butun Yevrosiyoda barqarorlik, xavfsizlik va rivojlanishni ta’minlashda umumiy manfaatlar mavjud.

Tomonlar Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun umumiy, muvozanatli va realistik yondashuvlarni ishlab chiqishga intilishlarini bildirishdi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni qayta tiklash zarurligi alohida qayd etildi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar mintaqa mamlakatlarining milliy manfaatlari va ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda Afg‘onistonning hozirgi amaldagi hokimiyati bilan muloqot olib borish imkoniyatlari haqida ham fikr almashishdi. Shu bilan birga, transchegaraviy jinoyatchilik, ekstremizm va terrorizm, narkotik moddalar savdosiga qarshi kurash sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalariga to‘xtalishdi.

Tomonlar Afg‘onistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi mintaqaviy ahamiyatini ta’kidlashdi. Shuningdek, aloqa guruhining Afg‘oniston yuzasidan fikr almashish, maslahatlashuv va harakatlarni muvofiqlashtirishda barqaror platforma sifatida faoliyat yuritishi muhim ekani qayd etildi.

Muzokaralar yakunida ishtirokchilar aloqa guruhi doimiy ravishda to‘planib turishi, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Konsultativ uchrashuvlari doirasida muntazam tarzda uchrashuvlar o‘tkazib borish maqsadga muvofiqligi yuzasidan kelishib olishdi.

Shu tariqa, ushbu format kelgusida Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston masalasi bo‘yicha mustaqil va mas’uliyatli pozitsiyasini mustahkamlashga, shuningdek, butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Markaziy Osiyoda yangi tarixiy qadam: Afg‘oniston bo‘yicha ilk muloqot o‘tkazildi