O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Guandun provinsiyasidagi yirik savdo markaziga egalik qiladigan Guangzhou Guangbai kompaniyasi bosh menejeri Say Chjinsu bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qilishdi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor Made in Uzbekistan savdo do‘koni va milliy mahsulotlar shou-rumini tashkil etish tashabbusiga qaratildi. Mazkur loyiha amalga oshsa, o‘zbek mahsulotlari to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy bozoriga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Guangzhou Guangbai rahbari Say Chjinsuning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar yuqori sifatga va bozordagi narx jihatidan raqobatbardoshlikka ega. Shuning uchun ular Guanchjou aholisi va eksportyorlar uchun juda ham manfaatli bo‘lishi mumkin.
Muzokaralar yakunida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qayta ishlangan va qadoqlangan oziq-ovqatlar hamda milliy hunarmandchilik buyumlarini Xitoy bozoriga olib kirish maqsadida mahalliy importyorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, Guangzhou Guangbai kompaniyasi Xitoyning janubiy provinsiyalaridagi eng yirik mahsulot yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda kompaniya mamlakat bo‘ylab 100 dan ziyod savdo nuqtalariga egalik qiladi va mintaqada katta ta’sir kuchiga ega.
Foto: "Dunyo" AA
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!