date

Mirziyoyev SHHT sammitida iqtisodiy va “yashil” tashabbuslar taklif etdi

Mirziyoyev SHHT sammitida iqtisodiy va “yashil” tashabbuslar taklif etdi

Tyançzin shahrida boʻlib oʻtayotgan SHanxay hamkorlik tashkiloti sammitida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlab, mintaqaviy hamkorlik va strategik yoʻnalishlar borasida qator muhim takliflarni ilgari surdi.

Davlat rahbarining taʼkidlashicha, jahon iqtisodiyotidagi hozirgi tendensiyalardan kelib chiqib, savdo va iqtisodiy sheriklikni kengaytirish, ishonchli ishlab chiqarish-logistika zanjirlarini yaratish, sarmoyalarni jalb etish va yangi mexanizmlarni ishga solish ustuvor ahamiyatga ega.

Prezident qator yoʻnalishlarda amaliy tashabbuslar bildirdi. Jumladan:

  • mineral qazib olish va qayta ishlashda ilgʻor texnologiyalarni joriy etish uchun Strategik materiallar boʻyicha SHHT mintaqaviy markazi;

  • “yashil” energetikani jadal rivojlantirish uchun SHHT Energetika konsortsiumi;

  • startap va innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun venchur kompaniyalari va jamgʻarmalari tarmogʻi;

  • biznes muloqotlari va investitsiyalarni ragʻbatlantirish uchun maxsus elektron portal tashkil etish taklif etildi.

Shuningdek, Mirziyoyev transport-tranzit salohiyatini toʻliq yoʻlga qoʻyish muhimligini qayd etdi. “SHHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon – bir yoʻl” tashabbusi bilan uygʻunlashtirish, yangi multimodal tarmoqlar, raqamli platformalar va “yashil” yoʻlaklarni barpo etish zarurligi taʼkidlandi.

Prezidentning soʻzlariga koʻra, iqlim oʻzgarishiga moslashish, havoga zararli chiqindilarni kamaytirish va ekologik tahdidlarni bashorat qilish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalasida mintaqaviy platforma yaratish vaqti keldi.

Shu bilan birga, madaniy-gumanitar sohada ham qator takliflar berildi. Xalq ijodiyoti festivallari, “SHHT universiteti”ning onlayn kampusi, talabalar va yosh mutaxassislar uchun innovatsion yoʻnalishlarda olimpiadalar va tanlovlar tashkil etish, “Sayyohlik yoʻlagi” hamda tibbiyot turizmi alyansini ishga tushirish — mamlakatlar xalqlarini yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Shu tariqa, Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitida SHHT makonidagi iqtisodiy hamkorlik, transport-logistika, “yashil” transformatsiya va madaniy almashuvlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan aniq tashabbuslar bilan chiqdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyev SHHT sammitida iqtisodiy va “yashil” tashabbuslar taklif etdi