Yangi o‘quv yili arafasida Majburiy ijro byurosining Farg‘ona viloyatidagi bo‘limlari xodimlari tomonidan keng ko‘lamli xayrli aksiya tashkil etildi va amalga oshirildi.
Ushbu tashabbus doirasida kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga zarur o‘quv qurollari, daftarlar, qalamlar, kitoblar va maktab sumkalari kabi sovg‘alar taqdim etildi. Bu esa bolalarning bilim olish jarayonini yengillashtirish va ularga ilg‘or imkoniyatlar yaratish maqsadini ko‘zlagan edi.
Aksiyaga puxta tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lib, MIB bo‘limlarida turli xil o‘quv vositalari va maktab anjomlari misolidagi risoladagidek tartib bilan jamlangan edi. So‘ngra xodimlar viloyatning turli hududlariga safar qilib, bolajonlarga o‘z sovg‘alarini tantanali va samimiy ravishda topshirdilar.
Sovg‘alarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarning yuzlaridagi xursandchilik va beg‘ubor tabassumlar atrofdagilarga ko‘tarinki ruh ulashdi. Bolajonlar o‘z orzularini, kelajakda shifokor, harbiy yoki boshqa kasb egasi bo‘lish niyatlarini mamnuniyat bilan bo‘lishdilar. Bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlikning bolalar hayotida qanchalik muhim va baxtli lahzalar yaratishi yana bir bor tasdiqlandi.
MIB xodimlarining ta’kidlashicha, bunday xayrli ishlar nafaqat bolalar uchun, balki ularning o‘zlariga ham cheksiz quvonch va ma’naviy qoniqish bag‘ishladi, mehnat samarasini his etish imkonini berdi.
Viloyatdagi barcha 19 ta tuman va shaharlarda ham shu kabi ezgu aksiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tashabbus doirasida yuzlab bolalar yangi o‘quv yili oldidan kutilmagan va juda zarur sovg‘alarga ega bo‘lishdi. Majburiy ijro byurosi jamiyatning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar va ezgu tashabbuslarni kelgusida ham davom ettirish niyatida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!