Raqobat qo‘mitasi internet tarmog‘ida tarqalayotgan Korzinka va Coca-Cola nomidan berilgan reklama aksiyalari aslida fishing sxemasi ekanini oshkor qildi. Fuqarolardan shaxsiy ma’lumotlarni notanish shaxslarga bermaslik va aksiya haqidagi xabarlarni rasmiy manbalardan tekshirish talab etildi.
Qo‘mita matbuot xizmati xabar berishicha, internet va ijtimoiy tarmoqlarda mashhur kompaniyalar nomidan yangi firibgarlik sxemalari paydo bo‘layotgani kuzatilmoqda va bu borada aholi ogoh qilinmoqda.
Xususan, tarmoqlarda Korzinka supermarketlar tarmog‘i egasi Anglesey Foodning faoliyat boshlaganiga 29-yil to‘lgani munosabati bilan mijozlar uchun sovg‘alar tayyorlagani haqida axborotlar tarqalgan. Unga ko‘ra, Cubes muzlatgichlarini 27 ming so‘m evaziga xarid qilish mumkinligi haqidagi reklama xabarlari joylashtirilgan.
Shuningdek, Coca-Cola Ichimligi O‘zbekiston Ltd kompaniyasi tomonidan tarqalgan reklamada ham brendlangan mini muzlatgich va 24 dona ichimlikni atigi 30 ming so‘mga sotib olish mumkinligi haqida ma’lumot berilgan.
Aksiya shartlarida ishtirokchilardan sovg‘alarni qo‘lga kiritish uchun maxsus havola orqali o‘tish yoki qisqa so‘rovnomani to‘ldirish talab qilingan.
Raqobat qo‘mitasi kompaniyalarning rasmiy veb-saytlarini tekshirib, mazkur aksiyalar haqida hech qanday rasmiy ma’lumot berilmaganini va bu kabi aksiyalar amalga oshirilmayotganini aniqladi.
Qo‘mita qayd etishicha, «Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ushbu aksiyalar ishtirokchilari uchun taqdim etilgan sovg‘alar olish tartibi mashhur brendlar nomidan amalga oshiriladigan fishing sxemasiga to‘liq mos keladi».
Shu bois, fuqarolarga firibgarlikka uchramaslik uchun noma’lum havolalarga kirmaslik, shaxsiy ma’lumotlarni notanish shaxslarga taqdim etmaslik hamda aksiya haqidagi axborotni rasmiy manbalardan tasdiqlash tavsiya qilinmoqda. Bu esa internetda xavfsizlikni ta’minlash va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish uchun muhim qadam hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!