Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida haqiqiy tarixiy voqea ro‘y berdi — hududda qurilishi qizg‘in sur’atlarda davom etayotgan zamonaviy aeroportga ilk bor yo‘lovchi samolyoti qo‘ndi. Bu haqda O‘zA agentligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga tegishli Let-410 turkumidagi havo kemasi muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirib, sinov tariqasida qo‘ndi. Bu jarayon orqali aeroportning texnik imkoniyatlari amalda tekshirildi va to‘liq ishga tushishga tayyorgarlik darajasi baholandi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi aeroport to‘liq faoliyat boshlagandan so‘ng, u nafaqat ichki reyslar uchun, balki xalqaro yo‘nalishlar uchun ham xizmat ko‘rsata oladi. Bu esa mintaqaga turistik oqimni keskin oshirishi, iqtisodiy yuksalishga katta hissa qo‘shishi kutilmoqda. Shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratilib, kichik va o‘rta biznes uchun qator imkoniyatlar ochiladi, xizmat ko‘rsatish sohasida faollik kuchayadi.
Aholi va mahalliy tadbirkorlar uchun ham aeroportning ishga tushishi katta qulaylik va yangi imkoniyatlarni yaratadi. Xususan, Arnasoy tumani Jizzax viloyati miqyosidagi emas, balki mamlakat darajasidagi muhim strategik va turistik nuqtaga aylanishi mumkinligi aytib o‘tilmoqda.
Yangi aeroportning ishga tushishi hududning transport logistikasida yangi sahifa ochishi, shuningdek, mamlakat turistik salohiyatini oshirishga xizmat qilishi aniq. Bu jarayon Jizzaxni kelajakda O‘zbekistonning eng yirik turistik markazlaridan biriga aylantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!