Prezident qaroriga muvofiq, poytaxtimizda ToshTech texnika universiteti tashkil etilishi belgilandi. Yangi oliygoh mamlakatimizda zamonaviy injenerlik bilimlarini rivojlantirish va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda muhim qadam sifatida ko‘rilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, universitet akademik, moliyaviy va tashkiliy-boshqaruv masalalarida to‘laqonli mustaqillikka ega bo‘ladi. Bu esa ta’lim jarayonini xalqaro andozalarga mos holda yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
2025-2026 o‘quv yilidan boshlab davlat byudjeti hisobidan 1-yillik tayyorlov kursi ochiladi. Bu dastur abituriyentlarni kelgusi bosqichlardagi murakkab fanlarga puxta tayyorgarlikdan o‘tishga yordam berishi kutilmoqda.
2026-2027 o‘quv yilidan esa universitetda bakalavriat yo‘nalishlari ochilib, talabalar to‘g‘ridan to‘g‘ri zamonaviy fanlar bo‘yicha ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Keyinchalik, 2027-2028 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich magistratura va oliy ta’limdan keyingi o‘quv bosqichlari ham joriy qilinadi.
Universitetda o‘qish davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etilib, darslar nafaqat o‘zbek tilida, balki xorijiy tillarda ham olib boriladi. Bu esa talabalarga xalqaro tajribaga yaqinlashish va bilimlarini kengaytirish imkoniyatini yaratadi.
Eng muhim jihati — 2029-2030 o‘quv yiliga qadar o‘qishga qabul qilinadigan barcha talabalar davlat granti hisobidan to‘liq bepul ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu tashabbus orqali ToshTech texnika universiteti mamlakatimizdagi injenerlik va ilmiy-tadqiqot salohiyatini yuksaltirish, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!