Irkutskdan Toshkent yo‘nalishiga parvoz qilayotgan “Ural Airlines” kompaniyasi samolyoti kutilmagan holatga duch keldi. Sharqiy Sibir transport prokuraturasi matbuot xizmati xabar berishicha, havo kemasi uchish paytida qushlar to‘dasi bilan to‘qnashib, favqulodda vaziyat yuzaga kelgan.
Departament ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur hodisa Irkutsk aeroportida mahalliy vaqt bilan soat 07:40 da samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga chiqish paytida ro‘y bergan. Samolyotning dvigatellaridan biriga qushlardan biri kirib qolishi oqibatida ekipaj xavfsizlikni ta’minlash maqsadida aeroportga qaytishga majbur bo‘lgan.
Samolyot bortida olti nafar ekipaj a’zosi va 91 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ma’lumotlargaa ko‘ra, hodisa natijasida hech kim jarohat olmagan va barcha xavfsizlik qoidalari to‘liq saqlangan.
Mazkur hodisa aviatsiya sohasida qushlar bilan to‘qnashish muammosining qayta uchrashiga misol bo‘lib xizmat qilmoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Madriddan Parijga parvoz qilgan Iberia samolyoti ham kalxatlar bilan to‘qnashib, favqulodda holatda aeroportga shoshilinch qaytgani xabar qilingandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!