Toshkent osmonida samolyot bir necha kun past uchadi

Toshkent osmonida samolyot bir necha kun past uchadi

Toshkent aholisi yaqin kunlarda osmon bo‘ylab odatdagidan pastroq balandlikda uchayotgan samolyotni ko‘rishi mumkin. «O‘zaeronavigatsiya» ma’lumotiga ko‘ra, 20 avgustdan boshlab poytaxt ustida AVION laboratoriya havo kemasi yordamida rejali parvoz tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.

Tekshiruvlar davomida samolyot taxminan 1 000 metr balandlikda turli yo‘nalishlarda parvoz qilishi, manyovrlar bajarishi va bir hudud ustidan bir necha bor uchib o‘tishi mumkin. Shu sababli ayrim joylarda uning dvigatel ovozi odatdagidan balandroq eshitilishi yoki samolyot bir nuqtada qayta-qayta aylanayotgandek ko‘rinishi ehtimoli bor.

Mutaxassislar mazkur parvozlar favqulodda vaziyat yoki samolyotdagi nosozlik bilan bog‘liq emasligini ta’kidlagan. Bu — Toshkent aeroportlari hududidagi aeronavigatsiya tizimlarini rejali ravishda nazoratdan o‘tkazish ishlari.

Tekshiruvlarning asosiy maqsadi radiotexnik vositalarning belgilangan talablarga muvofiqligini baholash hamda havo kemalarining xavfsiz va muntazam parvozini ta’minlashdan iborat. Ishlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) talablari va O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining amaldagi me’yorlari asosida olib borilmoqda.

AVION — «O‘zaeronavigatsiya» tomonidan maxsus vazifalar uchun tashkil etilgan aviakompaniya bo‘lib, u aerodromlarning radiotexnika vositalari va yorug‘lik-signal uskunalarini tekshirish hamda kalibrlash bilan shug‘ullanadi. Kompaniya tarkibida bunday vazifalar uchun yuqori aniqlikdagi uskunalar bilan jihozlangan Diamond laboratoriya havo kemasi mavjud.

Rasmiylar Toshkent aholisi va mehmonlarini ushbu parvozlardan xavotirga tushmaslikka chaqirgan. Rejali tekshiruvlar bir necha kun davom etadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar