date

Prezident Namangan aeroportidagi yangi loyihalar bilan tanishdi

Prezident Namangan aeroportidagi yangi loyihalar bilan tanishdi

Namangan aeroportida ulkan qurilish ishlari avj olmoqda.

Hududdagi bunyodkorlik sur’ati shahar darvozasi sanaladigan aeroportdanoq ko‘zga tashlanmoqda. Hozirda aeroportda keng ko‘lamli va zamonaviy yuk terminali barpo etilmoqda. Bu terminal kuniga 50 tonnadan ortiq yuk tashish imkonini beradi hamda 90 dan ortiq xorijiy mamlakatlarga eksport qilishga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-sentyabr kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurib, mahalliy aholi hayoti va hududlar rivoji bilan yaqindan tanishdi. Uning diqqati asosan aeroportdagi bunyodkorlik jarayoniga qaratildi. Bunyodkorlik ishlari uchun 140 million dollarlik investitsiya ajratilgan bo‘lib, bu mablag‘ yangi terminallar, chegara nazorati va zamonaviy vizalar bo‘limlarini qurishga yo‘naltirilmoqda.

Prezidentning Namangan viloyatiga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida mazkur loyiha taqdimot qilingan edi. Bugungi kunda qurilish ishlari jadal sur’atda olib borilmoqda. Yangi 3 qavatli terminalda yo‘lovchi tashish quvvati hozirgi aeroportga nisbatan 2,5 karraga oshishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi va Duty free do‘konlari zamonaviy uslubda tashkil etiladi.

Namangan aeroportida ulkan yuk terminali ham barpo etilmoqda. Bu orqali vodiyda yagona kargo tizimi yaratiladi va hududning eksport, biznes va tranzit salohiyati sezilarli darajada oshadi. Masalan, bu yil Namangan viloyatiga 1,5 million xorijiy va 2 milliondan ziyod mahalliy sayyohlarni jalb qilish, shuningdek xizmatlar eksportini 210 ming dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Andijon va Farg‘ona viloyatlari eksporti ham bu jarayondan foyda ko‘rmoqda.

Aeroportda maxsus texnik vositalar ham yangilanmoqda. Bu turli hajmdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Shuningdek, keytering xizmatlari, yonilg‘i quyish majmuasi va boshqa xo‘jalik binolari ham barpo etiladi. Yangi terminallar kelasi yil ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari aeroport atrofidagi infratuzilmani unga mutanosib rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Dunyo tajribasidagi kabi aeroport atrofida mehmonxonalar, savdo va ko‘ngilochar majmualar hamda barcha zamonaviy xizmatlar tashkil etilishi zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, avtoturargoh va servis obyektlari barpo etilib, mehmonlar uchun qulayliklar kengaytirilishi vazifasi qo‘yildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident Namangan aeroportidagi yangi loyihalar bilan tanishdi