date

Prezident qarori bilan “Kelajak” markazlari tashkil etiladi

Prezident qarori bilan “Kelajak” markazlari tashkil etiladi

Yurtimizda maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha muhim qadam qo‘yildi. Prezident tomonidan qabul qilingan qaror asosida bu sohada bir qator yangiliklar amalga oshiriladi.

Hujjatga ko‘ra, endilikda «Barkamol avlod» respublika bolalar maktabi hamda Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi negizida Respublika «Kelajak» markazi tuziladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar, poytaxt va tuman (shahar) darajasidagi «Barkamol avlod» maktablari asosida «Kelajak» markazlari tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlari «Kelajak» markazlari huzurida bolalar uchun maxsus sayyohlik bazalari faoliyat boshlaydi.

Ushbu markazlarning umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida samarali yo‘nalishi uchun “maktab maslahatchisi” lavozimi joriy etiladi. Maslahatchi o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi. Uning maoshi umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktorining o‘rinbosari maoshiga tenglashtiriladi. 2026 yil 1 sentyabrdan menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maslahatchilarga esa qo‘shimcha ravishda oylikning 30 foiziga teng ustama to‘lanishi belgilangan.

Qarorga muvofiq, «Kelajak» markazlariga bir qator imkoniyatlar ham berildi. Jumladan:

  • shartnoma asosida tajribali mutaxassislar va nodavlat ta’lim muassasalarini jalb qilib to‘garaklar tashkil qilish;

  • ota-onalar bilan kelishgan holda badal to‘lovini respublika bo‘yicha belgilangan eng kam miqdordan yuqori belgilash.

Shu bilan birga, 2026 yil 1 yanvardan ota-onalar to‘laydigan minimal to‘lov miqdori qayta ko‘rib chiqiladi.

Markazlar kontingent soniga ko‘ra ikki guruhga ajratiladi: agar o‘quvchilar soni 600 nafargacha bo‘lsa – II guruhga, 601 nafar va undan ko‘p bo‘lsa – I guruhga kiritiladi.

Qoraqalpog‘iston, viloyatlar, poytaxt va tumanlar darajasidagi «Kelajak» markazlari ishi quyidagicha yo‘lga qo‘yiladi:

  • to‘garaklar yagona dastur asosida bosqichma-bosqich ixtisoslashtiriladi;

  • inklyuziv to‘garaklarda faoliyat yuritadigan pedagoglarga har oyda maoshining 30 foizi miqdorida ustama haq to‘lanadi.

Shu tariqa, qabul qilingan qaror ta’lim tizimida yangi davrni boshlab berishi va yoshlar imkoniyatlarini yanada kengaytirishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident qarori bilan “Kelajak” markazlari tashkil etiladi