date

Olmaliqda yangi davlat texnika instituti tashkil etildi

Olmaliqda yangi davlat texnika instituti tashkil etildi

Yurtimizda ta’lim tizimida yana bir muhim qadam tashlandi — “Olmaliq davlat texnika institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori imzolandi.

Qarorga muvofiq, Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali negizida to‘laqonli Olmaliq davlat texnika instituti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu bilan shaharda nafaqat ta’lim sifati oshadi, balki talabalar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda filialda o‘qishni davom ettirayotgan barcha talabalar o‘z ta’lim yo‘lini institutda davom ettiradi. Shu bilan birga, 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga to‘liq huquqli institut diplomi topshiriladi. Bu esa ularning kelgusi faoliyati va mehnat bozoridagi imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Shuningdek, institutning yuqori kurs talabalari haq to‘lanadigan amaliyotga jalb etiladi. Bu orqali yoshlar nazariya bilan bir qatorda amaliy bilim va ko‘nikmalarni ham o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi.

Yangi ta’lim maskanida geologiya, metallurgiya va texnika yo‘nalishlariga ixtisoslashgan ilg‘or muhandislik maktabi — “GeoMetTex” ham tashkil etiladi. Ushbu maktabga akademik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan iqtidorli talabalar saralab olinib, amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus dasturlar asosida ta’lim oladi.

Shu bilan birga, “GeoMetTex” doirasida yo‘nalishga mos sanoat hamkorlari belgilanadi. Ular bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilinib, talabalarning texnik va texnologik bilim olish jarayonini yanada samarali qilish rejalashtirilgan.

Bu qaror Olmaliqdagi ta’lim tizimi rivojiga katta turtki berishi va yosh muhandislar avlodini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Olmaliqda yangi davlat texnika instituti tashkil etildi