London shahrida muhim uchrashuv tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev, Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchi Ravshan Usmonov hamda Britaniyaning Mehnat ta’minotchilari uyushmasi (Association of Labour Providers – ALP) bosh direktori Devid Kamp ishtirok etgan muzokarada ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ALP direktori Devid Kamp o‘zining taklifini bildirdi: «Biz O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyormiz. O‘zbek yoshlarini Angliya korxonalarida ishga joylashtirishda keng imkoniyatlar yaratish niyatdamiz», – dedi u.
Muzokaralarda asosiy e’tibor Buyuk Britaniyaning mavsumiy ishchilar dasturiga qaratildi. Tomonlar O‘zbekiston fuqarolari uchun kvotalar sonini oshirish, yangi mavsumiy operatorlar bilan kelishuvlar imzolash va ishga qabul jarayonlarini xavfsiz hamda tizimli tarzda amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun, ALP — Buyuk Britaniyaning katta nufuzga ega tashkilotlaridan biri bo‘lib, mavsumiy mehnat, oziq-ovqat sanoati, logistika va ishchi kuchini talab qiluvchi boshqa yirik tarmoqlarda faoliyat yuritadi. Bugungi kunda unga 300 dan ziyod yirik kompaniyalar a’zo hisoblanadi.
Ushbu uchrashuv O‘zbekiston yoshlari uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochishi va ularning Angliyada munosib mehnat sharoitida ishlashini ta’minlashi kutilayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!