date

Korrupsiyaga qarshi kurashda jamiyat ishtiroki yanada kuchaytiriladi

Korrupsiyaga qarshi kurashda jamiyat ishtiroki yanada kuchaytiriladi

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muhim qadam tashlandi. Prezident tomonidan «Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, endi BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida belgilangan qoidalar bajarilishi jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlar ham faol ishtirok etadi. Ular tomonidan muqobil baholash tizimi yo‘lga qo‘yilib, davlat organlari ishlariga qo‘shimcha monitoring o‘tkaziladi. Bu esa shaffoflik va hisobdorlikni yanada kuchaytiradi.

Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi har yili 1-aprelgacha milliy kengashga qator taklif va hisobotlar taqdim qilib boradi. Jumladan, NNTlar amalga oshirayotgan loyihalarni davlat tomonidan moliyalashtirish masalasi, ularning tadqiqot va o‘rganishlari to‘g‘risidagi axborot muntazam taqdim etiladi.

Qarorda yana bir muhim tashabbus ko‘zda tutilgan — O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, «Yuksalish» harakati va «Ijtimoiy fikr» markazi tashabbusi bilan «Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi» tashkil etiladi. Uning asosiy vazifasi aholi, ayniqsa yoshlar orasida ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur qaror korrupsiyaga qarshi kurashda faqat davlat organlari emas, balki keng jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini kuchaytiradi. Bu esa nafaqat illatga qarshi samarali choralarni amalga oshirish, balki yosh avlod orasida halollik va adolatlilikni hayotiy qadriyat sifatida mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Korrupsiyaga qarshi kurashda jamiyat ishtiroki yanada kuchaytiriladi