“ICT Week Uzbekistan 2025” haftaligida mamlakatda milliy ma’lumot markazlari yaratilishi haqida e’lon qilindi. O‘zbekiston yaqin kelajakda hududda joylashgan zamonaviy va ulkan quvvatlarga ega “cloud” xizmatlari bilan ta’minlanadi,.
Qayd etilishicha, ushbu loyiha xorijiy serverlarga bog‘liq bo‘lmagan suveren raqamli infratuzilmani barpo etish imkonini beradi. Mahalliy IT-kompaniyalar O‘zbekistondagi zamonaviy quvvatlardan foydalanib, o‘z mahsulotlarini, shu jumladan sun’iy intellekt va texnologiya sohasidagi ishlanmalarini rivojlantirish imkoniga ega bo‘ladi.
O‘zbekistondagi data-markazlar qurilishi uchun Saudiyaning DataVolt kompaniyasi mas’ul ekanligi ma’lum qilingan. Avvalroq ushbu maqsadlar uchun 6,5 milliard dollargacha sarmoya kiritilishi e’lon qilingandi. DataVolt dunyo bo‘ylab ma’lumotlar markazlarini rivojlantirishda faol ishtirok etadi. Qiymati 100 milliard dollardan ortiq Vision investitsiya guruhining bir qismi sifatida DataVolt AQSH, Hindiston va Saudiya Arabistonidagi loyihalarda, jumladan NEOM utopik shahar loyihasida ham qatnashmoqda.
Loyiha tashabbuskorlari ta’kidlamoqda: bu imkoniyat milliy kompaniyalarga tashqi serverlarga qaram bo‘lmasdan, O‘zbekiston hududidagi zamonaviy quvvatlardan foydalangan holda mahsulot va loyihalarini rivojlantirish imkonini beradi. Ayniqsa, sun’iy intellekt va biznes sohasidagi loyihalar uchun bu katta samara keltirishi mumkin.
Ma’lumot uchun: to‘rt kun davom etayotgan mazkur forumda 50 dan ortiq davlat vakillari, 300 dan ziyod kompaniya va hamkorlar hamda 20 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda. Dastur davomida 200 dan ortiq xalqaro ekspertlar, jumladan Meta, Microsoft, UzTelecom, Yandex Uzbekistan, Digital Engineering School, Zoomrad, Mobi.uz, Uzinfocom, Beeline va Huawei kabi tashkilotlar o‘z mahsulotlari taqdimotini o‘tkazmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!