date

Donald Tramp: O‘zbekiston prezidenti bilan ko‘rishish men uchun katta sharaf, u zot juda hurmatli inson

Donald Tramp: O‘zbekiston prezidenti bilan ko‘rishish men uchun katta sharaf, u zot juda hurmatli inson

23 sentabr BMT qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Qisqa suhbatda Tramp O‘zbekiston va AQSh kompaniyalar o‘rtasidagi imzolangan 105 milliard dollarlik kelishuvlarni maqtadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa Trampning tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga munosib ekanini aytdi hamda Samarqandga taklif qildi. Kun.uz suhbatning o‘zbek tilidagi to‘liq tarjimasini keltirmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp: Xo‘sh, katta rahmat. O‘zbekiston prezidenti bilan birga bo‘lish men uchun katta sharaf. U zot juda hurmatli inson. U O‘zbekistonda uzoq vaqtdan beri, ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritadi, to‘g‘rimi? Taxminan 15 yoki 16 yilcha. Bu uzoq muddat. Bir mamlakatda buncha uzoq vaqt faoliyat yuritishning sababi — bu sizning juda aqlli va munosib ekaningizdir. Shu bois, biz bilan birga ekaningiz uchun sizga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bilasizmi, u turli Amerika mahsulotlarining yirik xaridini amalga oshirdi. Ularning puli ko‘p. Ularda neft va pul mo‘l-ko‘l. Neft odatda pul bilan yonma-yon yuradi. Lekin ular mamlakat sifatida juda yaxshi natijalarga erishdi va u haqiqatan ham yaxshi yetakchi bo‘ldi. Siz bilan yana birga bo‘lish men uchun sharaf. Katta rahmat.

Prezident Shavkat Mirziyoyev: Rahmat. Avvalambor, aytayotgan gaplaringiz va qilayotgan ishlaringiz uchun katta rahmat, janob prezident. Bugun uchrashamiz degandingiz — mana, uchrashib turibmiz. Buning uchun sizdan juda minnatdorman. Bugun ertalab Birlashgan Millatlar Tashkiloti sessiyasidagi chuqur ma’noli ma’ruzangiz bilan sizni tabriklayman. Bu shunchaki aql bovar qilmas bo‘ldi, siz barcha masalalarga aniqlik kiritdingiz.

Albatta, siz bilan telefon suhbati chog‘ida kelishib olganlarimizning barchasini bajaryapsiz. Ana o‘sha yettita mojaroga barham berganingiz bilan sizni yana bir bor tabriklamoqchiman. Ayniqsa, bizning mintaqamiz uchun eng asosiysi — Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi mojaroga yechim topdingiz.

Yana bir bor takrorlayman: siz hammadan ko‘ra ko‘proq Nobel mukofotiga munosibsiz. Biz buni aytganmiz va aytishda davom etamiz. Shunday ekan, biz kelishib olgan barcha masalalar bajarilmoqda va bajariladi. Men muloqotimizni bundan keyin ham davom ettirishimizni istardim. Biz birgalikda olg‘a suradigan shunday dastur tuzganingiz uchun sizga katta rahmat. Buning uchun sizdan minnatdorman.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Donald Tramp: Xo‘sh, katta rahmat. Bilasizmi, prezident taxminan besh daqiqadan so‘ng nutq so‘zlaydi. U o‘sha yerda bo‘lishi kerak va men uni tomosha qilmoqchiman. Shuning uchun, agar xohlasangiz, qisqagina savol-javob qilishimiz mumkin va buni tez o‘tkazamiz. Ammo siz bilan birga bo‘lish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Endi esa borib ajoyib nutq so‘zlashingizni istayman.

AQSh OAVlaridan birining muxbiri Trampga savol bermoqda: Janob prezident, sizga suiqasd qilmoqchi bo‘lgan Rayan Rut hozirgina aybdor deb topildi. Bunga munosabatingiz qanday?

Donald Tramp: Men ko‘rsatilgan adolat uchun hamda Pem Bondi, Todd Blansh va boshqalar, ularning jamoasi ishni qanday olib borgani uchun juda minnatdorman. Bu haqiqatan ham yaxshi olib borildi va bu juda muhim. Bunday narsalarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Buning prezidentga yoki hatto oddiy odamga ham bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shunday qilib, adolat qaror topdi va nima bo‘lishini ko‘ramiz. Lekin men bu borada sudya, hakamlar hay’ati va barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiraman. Bu juda professional tarzda amalga oshirildi va bu katta sharaf. Katta sharaf.

AQShning yana OAVlaridan birining muxbiri Trampga savol berdi: Janob prezident, G‘azo bo‘yicha urushdan keyingi rejani muhokama qilish uchun bugun tushdan keyin musulmon va arab yetakchilari bilan bo‘ladigan uchrashuvingiz haqida biroz aytib bera olasizmi?

Donald Tramp: Bu katta uchrashuv bo‘ladi. Bu juda muhim uchrashuv. Lekin hozir men uchun ham muhim uchrashuv bo‘lyapti, chunki u bizning milliardlab dollarlik uskunalarimizni sotib oldi. Biz esa dunyodagi eng yaxshi uskunalarni ishlab chiqaramiz. Shunday ekan, biz u uskunalar siz uchun mukammal bo‘lishini ta’minlaymiz.

AQSh OAVlaridan birining muxbiri Trampga savol bermoqda: Janob prezident, O‘zbekiston bilan yana qo‘shimcha bitimlar imzolanadimi?

Donald Tramp: Ha, shunday. Biz bir-ikkita juda yirik bitim haqida gaplashyapmiz. U bugun, so‘nggi bir necha kun ichida allaqachon bir nechta yirik bitimlarni amalga oshirdi. Lekin bizning munosabatlarimiz yaxshi bo‘lgan va u bilan avval ham uchrashganmiz. Munosabatlarimiz haqiqatan ham ajoyib. U juda obro‘li inson va yetakchi.

Shavkat Mirziyoyev: Mana qarang. Agar 2018-2024 yillarda [O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo] 19 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2025-2035 yillarda 105 milliard dollar bo‘ladi.

Donald Tramp: 105 milliard dollar. Bu yomon emas! Besh daqiqalik uchrashuvga arziydi, to‘g‘rimi? Fikrimga qo‘shilasizmi?

Qarang, qarang, bu ajoyib — traktorlar, har xil mahsulotlar, jami 105 milliard dollar. Xo‘sh, 2018-2024 yil ichida 19,4 milliard dollarlik, endi esa [O‘zbekiston] 105 milliard dollarlik xaridlarni amalga oshirmoqda. Bilasizmi, men u bilan uchrashganimda bundan kamroq deb o‘ylagandim. Bir milliarddan oshgan har qanday summa... Shunday ekan, agar 105 milliardga yetsa, u bilan 15 yoki 20 marta uchrashaman [hazil ohangida – tahr.] Siz boring-da, o‘zingizning ajoyib nutqingizni so‘zlang.

Shavkat Mirziyoyev: Rahmat katta. Baribir men sizni O‘zbekistonda kutaman. Birinchi tashrif bo‘lishi kerak. Birinchi safarda Samarqandga kelaman, deb va’da bergansiz. Sizni kutyapmiz. Iltimos, Samarqandga tashrif buyurishingiz kerak.

Donald Tramp: Bu menga yoqdi. Mamnuniyat bilan bu haqida o‘ylab ko‘raman. Rahmat.

Haqiqatan ham ajoyib faoliyat, ajoyib insonlar guruhi. Juda aqlli mamlakat va ular haqiqatan ham yaxshi natijalarga erishdi. Amerikadan qilgan xaridingizni qadrlayman. Rahmat, biz sizni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shavkat Mirziyoyev: Suhbat juda yoqimli bo‘ldi, katta rahmat.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Donald Tramp: O‘zbekiston prezidenti bilan ko‘rishish men uchun katta sharaf, u zot juda hurmatli inson