O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Yangi hujjat qishloq yerlaridan samarali va maqsadli foydalanish, ularda obyektlar joylashtirish tartibini aniq belgilashga qaratilgan.
Amaldagi Yer kodeksida qayd etilganidek, qishloq xo‘jaligi yerlari foydalanish turiga ko‘ra qishloq xo‘jaligi yerlari va qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlarga bo‘linadi. Shuningdek, ular suv bilan ta’minlanish darajasiga ko‘ra sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan yerlarga ajratiladi.
Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlarda ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasi asosida yerdan ruxsat etilgan maqsadga mos keluvchi obyektlar joylashtirilishi mumkin. Bu kabi yerlarda qurilish ishlari olib borishdan oldin, ariza beruvchining ijara huquqi mavjudligi, yer uchastkasining umumiy maydoni, shuningdek, undagi sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan yerlar maydoni maxsus axborot tizimlari orqali tekshiriladi.
Shu bilan birga, yengil qurilmalar va vaqtincha inshootlarni joylashtirishga qaratilgan yer tuzish loyihalari tuman va shahar hokimlari tomonidan tasdiqlansa, kapital qurilish obyektlariga oid loyihalar Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyat va poytaxt hokimlari tomonidan ma’qullanadi.
Mazkur qarorda muhim jihat sifatida obyektlar qurilgan qishloq yerlari alohida uchastkaga bo‘linmasligi va ularni sotish taqiqlanishi belgilandi. Faqat yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda ijara huquqini obyekt bilan birga boshqa shaxsga o‘tkazish yoki qayta ijara berishga ruxsat beriladi.
Chorvachilik uchun ijaraga berilgan yerlarda 1 gektardan oshmagan, biroq kontur maydonining 1%idan ko‘p bo‘lmagan hududda qishloq xo‘jaligiga xizmat qiluvchi obyektlar joylashtirish mumkin. Chorvachilikka aloqasi bo‘lmagan yerlarda esa issiqxonalar, sovitish omborlari, saralash va qadoqlash komplekslari, suv tejaydigan texnologiyalar yoki hovuzlar qurish uchun ruxsat etilgan maydon 20 gektardan oshmasligi, shu bilan birga ijara konturi maydonining 1%idan ortiq bo‘lmasligi lozim.
Qaror, shu tariqa, qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona foydalanishni ta’minlab, ularning maqsadsiz ishlatilishini cheklashga, hamda sohada shaffof va tizimli tartib o‘rnatishga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!