Mamlakatda yangi qonun qabul qilinib, ayrim qonun hujjatlariga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» axborot portali ma’lum qildi.
Qonunga muvofiq, endi yopiq sud majlisining muhokamasi jarayonidagi ma’lumotlar hamda tafsilotlarni sudning maxsus ruxsatisiz oshkor qilgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Xabarda jinoiy javobgarlikning aniq tartibi va choralari to‘liq ochiqlanmagan bo‘lsa-da, bu qoida huquqiy tizimda jiddiy yangilik sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, yangi tartibga ko‘ra, agar ishni yopiq sud majlisida ko‘rish uchun asoslar mavjud bo‘lsa, sud tomonidan bu borada alohida ajrim chiqariladi. Ushbu qaror asosida yopiq sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslar maxsus ogohlantiriladi va ulardan yozma tilxat olinadi.
Tilxatda, xususan, mazkur majburiyat buzilgan taqdirda shaxs Jinoyat kodeksining 239-moddasi asosida javobgarlikka tortilishi mumkinligi qayd etiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu qonunning joriy etilishi sud jarayonlarida maxfiylik va qonuniylikni yanada mustahkamlaydi, ishtirokchilarning mas’uliyatini kuchaytiradi hamda sud adolatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi va shu bilan amaliy qo‘llanishda yangi bosqich boshlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!