O‘zbekiston hududiga import qilinayotgan yuqori fitosanitar xavfga ega mahsulotlar muntazam ravishda nazoratdan o‘tkaziladi. Shu doirada olingan navbatdagi mandarin namunasi Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida tekshiruvdan o‘tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston orqali olib kirilgan mandarin partiyasida Aonidiella aurantii (Maskell) va Dysmicoccus brevipes (Cockerell) kabi zararli organizmlar aniqlangan. Qo‘shimcha tahlillar shu 22,26 tonna mahsulotning Xitoy Xalq Respublikasida yetishtirilganini ko‘rsatdi.
Mazkur holat yuzasidan Xitoy bilan muzokaralar olib borilmoqda va O‘zbekistonning fitosanitar talablariga mos hududlardan mahsulot eksportini amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.
So‘nggi paytlarda Qozog‘iston orqali import qilinayotgan ayrim mandarin partiyalarida fitosanitar sertifikatlarda kelib chiqish mamlakati sifatida Janubiy Afrika, Turkiya yoki boshqa davlatlar ko‘rsatilgan, biroq yorliqlarda mahsulotning Xitoyda yetishtirilgani aniqlangan.
Zararli organizmlar aniqlangan mazkur partiya Xitoyda yetishtirilganligi sababli, Xitoy mandarinlari importiga vaqtinchalik cheklov joriy qilindi. Shu bilan birga, Qozog‘istonning mas’ul organlariga reeeksport fitosanitar sertifikatlarini rasmiylashtirishda mahsulotning haqiqiy kelib chiqish mamlakati ISPM №12 talablariga muvofiq to‘g‘ri ko‘rsatish bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!