date

Matematika olimpiadasi savollari tarqaldi, bosqich qayta o‘tkaziladi

Matematika olimpiadasi savollari tarqaldi, bosqich qayta o‘tkaziladi

Ijtimoiy tarmoqlarda matematika fanidan Asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi savollari tarqalgani haqidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ixtisoslashgan ta’lim muassasalari agentligi bu holat yuzasidan rasmiy izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, ayni paytda holat bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Adolatni ta’minlash maqsadida olimpiadaning tuman bosqichi har bir sinf kesimida (9-, 10-, 11-sinflar) qayta o‘tkaziladi.

Agentlik ma’lumoticha, fan olimpiadalari uchun savollar Respublika Fan olimpiadalari markazi tomonidan tayyorlangan. Ular hududiy boshqarmalardagi shtablarda chop etilgan, ammo ayrim mas’ul xodimlar o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani sababli savollar tarqalib ketgan.

«Hozirda aybdorlar aniqlanmoqda va ular qonun doirasida javobgarlikka tortiladi», — deyiladi agentlik bayonotida.

Shuningdek, markaz barcha bosqichlarda jarayonlarning shaffof va xolis o‘tishi tarafdori ekanini ta’kidladi. Agar kimdir olimpiada savollari yoki javoblarini pul evaziga taklif etsa yoki ta’sir ko‘rsatish holati kuzatilsa, bu haqda maxsus Telegram-bot yoki ishonch telefoni orqali xabar berish so‘ralgan.

Agentlikning qayd etishicha, olimpiadalarning nufuzini saqlash va ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratish — asosiy maqsad bo‘lib qoladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Matematika olimpiadasi savollari tarqaldi, bosqich qayta o‘tkaziladi