Toshkent shahrida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda zamonaviy tibbiyot klasteri barpo etiladi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha Koreya Eksimbanki va Iqtisodiy rivojlanish hamda hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida amalga oshiriladi. Kattalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilishi bo‘yicha asosiy pudratchi sifatida tanlangan Kyeryong konsorsiumi rahbari va Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rtasida shartnoma imzolandi. Shu bilan loyiha rasman start oldi.
Qurilishning umumiy qiymati 149,8 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shuning 124 millioni — Koreya Eksimbanki orqali EDCF kredit mablag‘lari, qolgan 25,8 millioni esa O‘zbekiston hissasi sifatida moliyalashtiriladi.
Yangi shifoxona jahon standartlariga mos ravishda, IV darajali zamonaviy tibbiyot markazi ko‘rinishida quriladi. Uning quvvati 300 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda 700 nafardan ziyod shifokor va tibbiyot xodimi uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Loyiha doirasida 130 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis malaka oshirish uchun Koreyaga yuboriladi. Shu bilan birga, 32 nafar yuqori malakali koreyalik shifokor mamlakatimizga kelib, ilg‘or tajribalarini o‘rgatadi.
Yangi markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng yiliga 8,5 mingdan ortiq yuqori texnologiyali operatsiyalar — yurak qon-tomir tizimi, transplantologiya, neyroxirurgiya, reabilitatsiya hamda orqa miya va bo‘g‘im jarrohlik amaliyotlari bajariladi.
Mutahassislar fikricha, mazkur loyiha nafaqat Toshkent, balki butun mamlakat tibbiyot tizimi uchun yangi bosqich bo‘ladi. Bu orqali aholiga yuqori malakali, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengayadi.
Ma’lumot uchun, 2020-yilda ham EDCF ishtirokida Toshkentda Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan Bolalar milliy tibbiyot markazi foydalanishga topshirilgan edi. Yangi kattalar klinikasi esa ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikning navbatdagi bosqichi bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!