
Toshkent shahridagi aholi va tashkilotlar uchun issiq suv hamda issiqlik ta’minoti xizmatlarining yangi tariflari joriy etiladi. Bu haqda poytaxt hokimining 2025-yil 27-oktyabrdagi qarorida belgilangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Veolia Energy Tashkent kompaniyasi tomonidan ko‘rsatiladigan markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun yangi narxlar 2025-yil 12-noyabrdan amalga kiritiladi.
Qarorga muvofiq, yangi tariflar (QQSsiz) quyidagicha belgilandi:
-Asosiy (bazaviy) tarif — 711 641 so‘m/Gkal
-Aholi uchun — 139 860 so‘m/Gkal
-Byudjet tashkilotlari uchun — 952 797 so‘m/Gkal
-Yuridik shaxslar uchun — 342 296 so‘m/Gkal
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, bu o‘zgarishlar energiya tizimini modernizatsiya qilish va xizmat sifati oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, davlat subsidiyalari tufayli poytaxt aholisi issiqlik energiyasining haqiqiy qiymatini to‘liq to‘lamaydi — xarajatlarning taxminan 80 foizi mahalliy byudjet orqali qoplanadi.
Veolia vakillari ta’kidlashicha, yig‘iladigan mablag‘lar faqat issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlarini rivojlantirishga, shuningdek, infratuzilmani ta’mirlash va yangilashga yo‘naltiriladi.
Oxirgi yillarda amalga oshirilgan ishlar natijasida issiqlik tizimidagi yo‘qotishlar 44 foizdan 33,4 foizgacha qisqargan. Bu esa nafaqat resurs tejamkorligi, balki tizimning barqaror ishlashi va uylardagi issiqlik sifatining yaxshilanishiga xizmat qilgan.
Muttaxassislar ta’kidlamoqda, bu choralar energiya samaradorligini oshirish bilan birga, aholi uchun uzluksiz issiq suv va isitish xizmatlarini ta’minlashga yordam beradi.
Poytaxtliklar uchun eng muhim jihat — yangi tariflar bosqichma-bosqich amalga oshirilib, xizmat ko‘rsatish sifati ham shunga mos ravishda yaxshilanishi kutilayotganidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!