
Prezident Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etish uchun 30 oktyabr kuni Samarqandga tashrif buyurdi.
An’anaga muvofiq, avvalo Imom Buxoriy maqbarasi ziyorat qilindi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Prezident majmuadagi so‘nggi pardozlash ishlari, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish jarayonlari bilan tanishdi.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan mazkur majmua Imom Buxoriyning islom olamida tutgan yuksak mavqeyi, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga sharoitlar yaratildi.

Majmua hududi kengaytirilib, ayni paytda uning umumiy maydoni 44 gektarga yetdi. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurib bitkazilgan. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan.

Yangi muzey islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.

Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolarida ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Bitta to‘rt yulduzli, ikkita uch yulduzli va 22 ta oilaviy uy mehmonxonalari tashkil etilgan.

Davlat rahbari mamjua faoliyatini sifatli tashkil etish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Ezgu niyatlar bilan majmua hududiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
