
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi energetika sohasidagi hamkorlik yangi strategik bosqichga chiqmoqda. Yaqin kelajakda O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonga yetkazib beriladigan elektr energiyasi hajmi bir necha barobar oshadi.
Bu rejalar "Surxon - Puli-Xumri" yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasining qurilishi yakunlanganidan so‘ng amalga oshiriladi. Bu haqda 28-oktabr kuni Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov matbuot anjumanida ma'lum qildi.
Vazir energetika sektoridagi ikki tomonlama munosabatlarning barqarorligini alohida ta'kidladi. "Afg‘oniston bilan hamkorligimiz juda faol rivojlanmoqda.
So‘nggi ikki oy ichida men u yerda uch marta bo‘ldim. Afg‘onistonning o‘zida ham iqtisodiyotni rivojlantirish uchun jiddiy qadamlar tashlanmoqda, energiya resurslari va elektr energiyasiz bu imkonsiz", dedi Mirzamahmudov.
U shuningdek, ishbilarmonlik muhiti ijobiy va barqaror ekanini qayd etdi. Afg‘oniston tomoni moliyaviy intizomga jiddiy e’tibor qaratayotgani ham alohida ta'kidlandi.
Energetika vazirining so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonning hozirgi hukumati avvalgi ma'muriyatdan qolgan qarzlarni to‘liq to‘lagan va ayni paytda yetkazib berilayotgan elektr energiyasi bo‘yicha barcha to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda. Hamkorlikni kengaytirishning asosiy elementi 500 kV kuchlanishga ega "Surxon - Puli-Xumri" yangi elektr uzatish liniyasining qurilishi hisoblanadi.
"Prezidentimiz topshirig‘i bilan hozirda hamkorlikni kengaytirish ustida ish olib bormoqdamiz. Sentabr oyida shartnoma imzolandi va qurilish ishlari boshlab yuborildi", dedi vazir.
Ushbu loyiha ikki tomon tomonidan 18 oy ichida, ya'ni 2027-yil 1-aprelga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, eksport hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Bu loyiha 17-avgustda imzolangan, umumiy qiymati 250 million AQSh dollariga teng bo‘lgan kengroq kelishuvlar paketining bir qismidir.
Loyihaga 200,6 kilometr uzunlikdagi asosiy elektr liniyasidan tashqari, "Xo‘ja-Alvon" va "Argonda" podstansiyalarini kengaytirish, shuningdek, Qobul va Nangarhor viloyatlarida yangi elektr liniyalari va podstansiyalar qurilishi ham kiritilgan. Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida o‘zaro savdo hajmi 1,5 barobar oshib, 1,15 milliard AQSh dollariga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 762,1 million dollarni tashkil etgan edi.
Afg‘oniston O‘zbekiston uchun to‘rtinchi yirik eksport bozori sifatida mustahkamlanib, umumiy eksport hajmining 3,8 foizini (oltinni hisobga olmaganda) tashkil etdi. Xuddi shu davrda O‘zbekistonning Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti 114,8 million AQSh dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p.
O‘zbekiston 2002-yildan buyon Afg‘onistonga muntazam elektr energiyasi yetkazib kelmoqda. 2025-yilgacha bo‘lgan yetkazib berish shartnomasi o‘tgan yilning dekabrida uzaytirilgan edi.
Afg‘oniston iste'mol qilinadigan elektr energiyasining 80 foizini import qiladi, va O‘zbekiston Tojikiston, Turkmaniston va Eron bilan bir qatorda asosiy yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr eksportini oshiradi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar