date

O‘zbekistonda 47 ta chiqindi maydoni yopildi

O‘zbekistonda 47 ta chiqindi maydoni yopildi

O‘zbekistonda ekologiyani soflashtirish va tabiiy muhitni tiklash yo‘lida muhim qadam tashlandi. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab jami 47 ta maishiy chiqindi poligoni yopildi. Buning natijasida 90 gektardan ziyod yer maydoni tabiatga qaytarildi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2024–2025-yillar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida ekologik tiklanish ishlari amalga oshirilgan. Poligonlar rekultivatsiya qilinib, ularning usti tuproq qatlamlari bilan yopilgan.

2024-yilda amalga oshirilgan ishlar:

Qoraqalpog‘iston — 1 ta poligon (11 ga),

Andijon — 6 ta (14,9 ga),

Buxoro — 1 ta (0,5 ga),

Qashqadaryo — 5 ta (19,15 ga),

Namangan — 3 ta (5,38 ga),

Samarqand — 1 ta (2,4 ga),

Toshkent — 3 ta (9,58 ga),

Farg‘ona — 6 ta (17,11 ga),

Xorazm — 1 ta (1 ga).

2025-yilda esa, respublika bo‘yicha yana 18 ta chiqindi poligonida rekultivatsiya ishlari yakunlandi. Bu hududlar umumiy hisobda 81,68 gektarni tashkil etdi.

Shu bilan mamlakatdagi mavjud 185 ta chiqindi poligonining 47 tasida qayta tiklash ishlari amalga oshirildi. Qolgan hududlarda ham bosqichma-bosqich ekologik chora-tadbirlar rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 42 ta chiqindi to‘plash maydoni butunlay yopildi. Bu esa yana 90 gektarga yaqin yerning tabiiy ekotizimga qaytishiga imkon berdi. Mutasaddilar ta’kidlashicha, bunday ishlar nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilishga, balki aholining sog‘lom hayot kechirishiga ham xizmat qiladi.

Ushbu tashabbus O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi 5-sonli farmoni asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjat chiqindilarni qayta ishlash, tabiiy yer maydonlarini tiklash va mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan.

Ekologlar fikricha, bu o‘zgarishlar nafaqat tabiatni asrash, balki yangi yashil hududlar yaratishga ham turtki bo‘ladi. Tabiatni tozalash — kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratishning eng ishonchli yo‘li ekani yana bir bor isbotlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda 47 ta chiqindi maydoni yopildi