date

Rulda uxlab qolgan haydovchilar 237 fojiaga sababchi bo‘lgan, 139 tasi halok bo‘lgan

Rulda uxlab qolgan haydovchilar 237 fojiaga sababchi bo‘lgan, 139 tasi halok bo‘lgan

Yo‘llarda haydovchilarning charchoq va uyquchan holda transport boshqarishi tobora xavfli oqibatlarga olib kelmoqda, deb xabar berdi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.

2025 yil boshidan buyon haydovchilarning rulda uxlab qolishi sabab 237 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Bu fojialarda 139 kishi halok bo‘lgan, yana 195 nafar fuqaro tan jarohati olgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, charchoq holatida haydash mast holdagi harakat kabi xavflidir. Ayniqsa qish faslida salon ichidagi issiqlik haydovchini tez uyquga tortadi. Bu holda reaksiya tezligi pasayib, diqqat juda susayadi.

Eng xavfli holatlardan biri — mikrouyqu. U bor-yo‘g‘i bir necha soniya davom etadi, ammo haydovchi uni his qilmaydi. Shu fursatda mashina boshqaruvsiz holda o‘nlab metr harakatlanib, YTHga sabab bo‘ladi.

Tahlilchilar “uyg‘otuvchi usullar” — baland musiqa, derazani ochish yoki saqich chaynash kabi odatlar faqat vaqtinchalik ta’sir berishi, lekin organizmdagi charchoqni bartaraf etmasligini ta’kidlamoqda.

Huquq-tartibot idoralari haydovchilarga charchoq sezilganda transportni to‘xtatib, kamida 20–30 daqiqa dam olishni, imkon bo‘lsa qisqa uxlab olishni tavsiya qilmoqda. Qahva yoki kofeinli ichimlik hushyorlikni qisqa vaqtga oshiradi, ammo uyquni to‘liq almashtira olmaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Rulda uxlab qolgan haydovchilar 237 fojiaga sababchi bo‘lgan, 139 tasi halok bo‘lgan