date

Procter & Gamble Toshkentda zavod quradi

Procter & Gamble Toshkentda zavod quradi
Procter & Gamble kompaniyasining turkiyalik bo‘limi PRIMA O‘zbekistonda Toshkent Pharma Park klasterida gigiyenik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi zavod qurish uchun 20 million dollar miqdorida investitsiya kiritmoqda. Bu haqda 1-noyabr kuni kompaniya vakillari va Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov o‘rtasidagi uchrashuvda kelishuvga erishildi.

Yangi korxonada Pampers bolalar tagliklari, nam salfetkalar va boshqa shaxsiy gigiyena mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu 350 dan ortiq yangi ish o‘rnini yaratishga imkon beradi. Mazkur investitsiya qarori mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, jumladan, mahsulotlarni sertifikatlashtirishni soddalashtirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rejimini bekor qilish jarayonlari fonida qabul qilindi.

Endilikda mahsulotlarga muvofiqlik deklaratsiyasini joriy etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, bu investorlar uchun qulay biznes muhitini yaratayotganini ko‘rsatadi. Loyiha 2025-yil oxirigacha umumiy qiymati 166 million dollar bo‘lgan 32 ta investitsion tashabbusning bir qismi hisoblanadi.

Ushbu dastur doirasida 1500 ta ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, shuningdek, ayrim mahsulotlar narxini pasaytirish maqsad qilingan. Markaziy Osiyoda bolalar tagliklari bozori eng tez o‘sayotgan iste’mol tovarlari segmentlaridan biri bo‘lib, bunga mintaqadagi yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichlari sabab bo‘lmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Procter & Gamble Toshkentda zavod quradi