date

O‘zbekiston uy-joy bozori oktyabrda kutilmagan faollikka ko‘tarildi

O‘zbekiston uy-joy bozori oktyabrda kutilmagan faollikka ko‘tarildi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mamlakatdagi uy-joy bozorining oktyabr oyiga oid so‘nggi tahlilini e’lon qildi. Ma’lumotlar shundan dalolat bermoqdaki, ro‘yxatga olingan oldi-sotdi bitimlari keskin ko‘payib, sektorda so‘nggi bir yarim yilda kuzatilmagan darajada jonlanish qayd etildi.

Oktyabr oyi yakuniga ko‘ra, uy-joy savdosi bir oy ichida 12 foizga oshib, 27,1 mingta bitimga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2023 yil avgustidan beri kuzatilgan eng faol davr sifatida qayd etildi. Bozordagi o‘sish mamlakatning deyarli barcha hududlarida sezildi. Ayniqsa, Xorazm, Buxoro va Toshkent viloyatlarida bitimlar soni o‘rtacha 26 foizga oshgani, bozordagi talab keskin kuchayganidan dalolat berdi.

Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida o‘sish biroz mo‘tadil kechib, mos ravishda 2 va 4 foiz atrofida shakllandi. Ammo barcha savdolar orasida eng katta ulush yana poytaxt hissasiga to‘g‘ri keldi — respublika bo‘yicha umumiy bitimlarning taxminan 30 foizi aynan shu yerda amalga oshirildi. Oktyabrda Toshkentda savdo hajmi oylik hisobda 5,3 foiz, yillik hisobda esa 32 foizga o‘sdi.

Ikkilamchi uy-joy bozorida ham o‘zgarishlar katta bo‘ldi. Narxlar sentyabr oyiga nisbatan ancha tez sur’atda ko‘tarilib, bir oy ichida o‘rtacha 2,4 foizga oshdi. Bir yil davomida esa narxlar 7,4 foizga qimmatlashgani kuzatildi. Eng jadal o‘sish Surxondaryo va Namangan viloyatlarida qayd etilgan — bu yerlarda uy-joy narxlari o‘rtacha 20 foizga ko‘tarilgan.

Poytaxtda ikkilamchi bozordagi narxlar bir oyda deyarli o‘zgarmasdan qoldi — o‘sish 0,7 foiz atrofida bo‘ldi. Biroq yillik dinamika manfiy qayd etildi: o‘tgan yil oktyabriga nisbatan narxlar 1 foizga pasaygan. Eng sezilarli tushish Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida ro‘y berib, bu hududlarda o‘rtacha 5 foizlik pasayish kuzatilgan.

Birlamchi uy-joy bozorida esa aksincha, narxlar muttasil ko‘tarilmoqda. Oktyabrda 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha narx yillik hisobda 2,1 foizga oshdi. Eng tez o‘sish Bektemir, Yashnobod, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilib, bu tumanlarda narxlar o‘rtacha 5,5 foizga ko‘tarilgan.

Toshkentda ijara bozorida ham muvozanat saqlanmoqda. Oktyabr oyida 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara to‘lovi 8,5 dollar atrofida barqaror holda qoldi. Eng yuqori ijara stavkalari Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida saqlanib, bu hududlarda kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 10,2 dollarga yaqinlashdi.

Ma’lumotga ko‘ra, bir yil davomida poytaxtda ijara narxlari o‘rtacha 1,6 foizga oshgan. Bektemir, Yashnobod va Sergeli tumanlari bu borada yetakchilik qilmoqda — ushbu hududlarda ijara haqlari o‘rtacha 9 foizga ko‘tarilgan.

Uy-joy bozoridagi ushbu dinamika ichki talab yanada faollashayotganidan xabar berib, keyingi oylarda ham sektordagi o‘zgarishlar davom etishini ko‘rsatmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston uy-joy bozori oktyabrda kutilmagan faollikka ko‘tarildi