date

O‘zbekiston ekologiya islohotlari uchun yangi katta jamg‘arma tuzildi

O‘zbekiston ekologiya islohotlari uchun yangi katta jamg‘arma tuzildi

O‘zbekistonda atrof-muhit muammolarini tizimli hal qilish maqsadida yangi tuzilma — Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etildi. Mazkur qaror mamlakatning ekologik barqarorlikka qadam qo‘yayotganini, bu sohani davlat darajasida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Yaqin yillarda jamg‘armaga ajratiladigan mablag‘lar ham bejiz emas. Prezident qaroriga muvofiq, 2025 yilning o‘zida respublika byudjeti hisobidan jamg‘arma ixtiyoriga 900 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar avvalo hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, atrof-muhitni yaxshilash va davlat qarziga xizmat ko‘rsatish uchun rejalashtirilgan to‘lovlarning bir qismini foydalanish orqali shakllantiriladi.

Oktyabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov milliy valyutaning mustahkamlanishi orqali davlat qarzi bo‘yicha 1,3 trillion so‘m iqtisod qilinganini ma’lum qilgandi. Endi ana shu tejamning bir qismi ekologiyani yaxshilashga yo‘naltirilmoqda.

2026 yilda jamg‘arma miqyosi yanada kengayadi. Me’yoriy hujjatga ko‘ra, kelasi yil ushbu yo‘nalishlarda 548 milliard so‘m sarflanadi:

  • “Yashil makon” loyihasini amalga oshirishga — 250 milliard so‘m.
  • Shahar va tumanlarda sanitar tozalash ishlariga — 150 milliard so‘m.
  • Cho‘llanish, qum ko‘chishi va shamol eroziyasining oldini olish uchun himoya o‘rmonlarini barpo etishga — 73,7 milliard so‘m.
  • O‘rmon xo‘jaligiga zamonaviy texnikalar sotib olishga — 66,2 milliard so‘m.
  • Bioxilma-xillik, hayvonot va o‘simlik dunyosi, tabiiy hududlar kadastrlarini yuritishga — 8 milliard so‘m.

2026 yildan boshlab jamg‘arma daromad manbalari yanada diversifikatsiya qilinadi. Uglerod birliklari savdosidan tushgan mablag‘larning 20 foizi, atrof-muhitni ifloslantirish uchun to‘lanadigan kompensatsiyalar, sud va ma’muriy jarimalar, shuningdek chiqindilarni joylashtirish bo‘yicha sanksiyalardan tushumlar jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Shuningdek, import qilingan transport vositalari uchun to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining bir qismi ham shu yerga yo‘naltiriladi.

2027 yildan bu tizim yanada kengayadi: avtotransport va shina mahsulotlari uchun belgilanadigan utilizatsiya yig‘imlarining deyarli barchasi jamg‘arma ixtiyoriga o‘tadi. Bu orqali davlat ekologik muammolarni mustaqil moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yangi jamg‘arma faoliyati shaffof va jamoatchilik nazorati ostida tashkil etiladi. Tuzilgan Boshqaruv kengashi 9 a’zodan iborat bo‘lib, ularning to‘rt nafari mustaqil jamoatchilik vakillaridan tarkib topadi. Kengashning bosh vazifasi — jamg‘arma mablag‘larini manzilli, oqilona va ochiq tarzda sarflanishini ta’minlash.

Mamlakatda ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha bunday keng ko‘lamli va yirik moliyaviy hujjat qabul qilinishi kelgusi yillarda atrof-muhit muhofazasiga yangi sur’at bag‘ishlashi, hududlarning yashillashuvi, hayot sifati va ekologik madaniyatning oshishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston ekologiya islohotlari uchun yangi katta jamg‘arma tuzildi