
O‘zbekistonda bu yil kuz fasli kam yog‘ingarchilik, hatto ba’zi hududlarda mutlaqo yomg‘irsiz o‘tib, qishloq xo‘jaligi, tabiat muvozanati va aholi turmushiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli mamlakat bo‘ylab rizq-u ro‘z va mo‘l-ko‘lchilik ramzi bo‘lgan yomg‘irni so‘rab, Allohga yaqinlashuv ila tavba va iltijo qilish maqsadida muhim tashabbus ilgari surildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlari rahbarligida 2025-yil 28 noyabr — juma kuni namozdan keyin barcha masjidlarda istisqo namozi o‘qilishi belgilandi. Bu haqda idora matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Islom dinida qurg‘oqchilik, suvsizlik yoki uzoq davom etgan qahatchiliklarda istisqo namozi o‘qilgan va uning samarasi ko‘p marta namoyon bo‘lgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham yomg‘ir yog‘may qolgan davrlarda jamoat bilan qibla tomon tavba qilib, ikki rakat istisqo namozini o‘qiganlari rivoyat qilingan. Shuningdek, hadis kitoblarida bu namozning fazilati, duolarning ijobat bo‘lishi va jamiyat birlashib duo qilishining ruhiy-ijtimoiy ahamiyati keng bayon qilingan.
Ta’kidlanishicha, istisqo kuni viloyatlar va tuman-shaharlar markaziy masjidlari hamda ziyoratgohlarda qo‘shimcha xayr-ehson ishlari ham amalga oshiriladi. Jonliqlar so‘yilib, muhtoj, kam ta’minlangan va og‘ir ahvoldagi oilalarga tarqatiladi. Bu amal, avvalo, ehson ruhini mustahkamlash, ikkinchidan, xalq birdamligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, diniy idora Islom ta’lim muassasalari o‘quvchilari va ustozlari tomonidan buyuk muhaddis Imom Buxoriyning «Sahihi Buxoriy» asari juma kuniga qadar «xatmi kutub» tarzida to‘liq o‘qib chiqilishini e’lon qildi. Tarixda bu asar qurg‘oqchilik paytida tilovat qilinganda, Allohning irodasi ila yomg‘ir yog‘gani haqida ham rivoyatlar borligi ta’kidlandi.
Umra ziyoratida bo‘lib turgan o‘zbekistonlik imom-domlalarga ham Ikki Haram — Makka va Madinada o‘z guruhlari bilan istisqo namozini o‘qish tavsiya etildi. Bu orqali butun dunyo bo‘ylab musulmonlarning O‘zbekiston uchun duo qilayotgani yanada kuchayadi.
Xulosa qilib aytganda, 28 noyabr kuni mamlakat bo‘ylab bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladigan istisqo namozi va xayr-ehson tadbirlari O‘zbekistondagi qurg‘oqchilikni bartaraf etish, yaqinlashuv, birdamlik va tavba-munojot ruhini mustahkamlashga qaratilgan katta ma’naviy qadam sifatida ko‘rilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.