
O‘zbekistonda 2025 yil davomida ishlab chiqarish jarayonida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar statistikasi e’lon qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yil davomida 731 ta ishlab chiqarish bilan bog‘liq hodisa qayd etilgan bo‘lib, natijada 813 nafar xodim jabr ko‘rgan. Ularning 212 nafari hayotdan ko‘z yumgan.
Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ma’lumotlariga asosan, baxtsiz hodisalar eng ko‘p qurilish sohasida ro‘y bergan — 198 ta holat. Shuningdek, yengil sanoatda 43 ta, transport sohasida 36 ta, qishloq xo‘jaligida esa 35 ta hodisa qayd etilgan.
Nazorat tadbirlari davomida mehnat qonunchiligiga oid 2 372 ta qonunbuzarlik aniqlangan. Natijada mansabdor shaxslarga qariyb 1 milliard so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. Shu bilan birga, 196 ta holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, mehnat huquqlari tiklanishi doirasida 13 ming nafar xodimga to‘lanmagan ish haqlarini undirish uchun 159 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan 8 259 nafar mansabdor shaxsga esa jami 22 milliard so‘m miqdorida jarima solingan.
Mehnat inspeksiyasi kelgusida fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida sun’iy intellekt asosida onlayn savol-javob tizimini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Ushbu platforma orqali 10 mingtadan ortiq savol-javobni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasi asosida maslahat berish imkoni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.