
O‘zgidromet bugun, 27 dekabr kuni respublika hududlarida kuzatiladigan ob-havo holati bo‘yicha navbatdagi prognozni e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab havo asosan o‘zgaruvchan tus oladi, ayrim hududlarda tuman va qor ko‘rinishlari kuzatilishi mumkin.
Toshkent shahrida kun davomida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo biroz bulutli bo‘lib, kechasi va ertalabki soatlarda tuman tushishi ehtimoli bor. Shamol sharq tomondan sekundiga 3–8 metr tezlikda esadi. Harorat kechasi 0–2 daraja iliq, kunduzi esa 7–9 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida havo o‘zgaruvchan bo‘lib, ayrim joylarda qor yog‘ishi va tuman tushishi mumkin. Shamol shimoli-sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi. Kechasi harorat 5–10 daraja sovuq, Ustyurt hududlarida esa 12–15 daraja sovuqqacha pasayishi mumkin. Kunduzi havo 0–5 daraja iliq bo‘ladi.
Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi, biroq ayrim joylarda tuman tushishi ehtimoli saqlanib qoladi. Shamol sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 0–5 daraja sovuq, kunduzi 2–7 daraja iliq bo‘ladi.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida havo asosan barqaror bo‘ladi. Yog‘ingarchilik kuzatilmaydi, ammo ba’zi hududlarda tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi. Kechasi harorat 4 daraja sovuqdan 1 daraja iliqqacha, kunduzi esa 7–12 daraja iliq bo‘ladi.
Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ham yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo o‘zgaruvchan bo‘lib, tuman tushishi ehtimoli bor. Shamol sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 3 daraja sovuqdan 2 daraja iliqqacha, kunduzi 5–10 daraja iliq bo‘ladi.
Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida havo nisbatan iliqroq bo‘ladi. Yog‘ingarchilik kutilmaydi, ayrim joylarda tuman kuzatilishi mumkin. Shamol sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi. Kechasi harorat 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha, kunduzi esa 10–15 daraja iliq bo‘ladi.
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida havo o‘zgaruvchan bo‘lib, yog‘ingarchilik prognoz qilinmaydi. Ayrim hududlarda tuman tushadi. Shamol sharqdan 5–10 m/s tezlikda esadi. Kechasi harorat 4 daraja sovuqdan 1 daraja iliqqacha, kunduzi 3–8 daraja iliq bo‘ladi.
Respublikaning tog‘li hududlarida havo o‘zgaruvchan bo‘lib, ayrim joylarda qor yog‘ishi va tuman tushishi mumkin. Yo‘llarda ba’zi hududlarda yaxmalak kuzatilishi ehtimoldan holi emas. Shamol sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 5–10 daraja sovuq, kunduzi esa 3 daraja sovuqdan 2 daraja iliqqacha bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.