
Toshkent xalqaro aeroportining (Islom Karimov nomidagi) kelish terminali oldidagi birinchi qatordan endi rasmiy taksi xizmatlari va agregatorlar yo‘lovchilarni bevosita terminal chiqishidan olib ketishi mumkin. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Birinchi qatorda Taxi Millennium, Let’s Trip, Uzviptranservice, Sixt, Taxi Airport Tashkent hamda Yandex Go xizmati ishlaydi. Rasmiy taksiga buyurtma berish uchun kelish zalidagi dispetcherlik nuqtasiga murojaat qilish mumkin, Yandex Go esa mobil ilova orqali xizmat ko‘rsatadi.
Rasmiy tashuvchilar yo‘lovchilar uchun byudjet tariflarni ham joriy etgan: shahar bo‘ylab safar narxi 50 ming so‘mdan boshlanadi. Shuningdek, guruh va oilaviy transferlar kabi paket takliflar ham mavjud.
Buyurtmani qabul qilgan haydovchilar ajratilgan yo‘lakka bepul kirib, yo‘lovchini 20 daqiqagacha kutishi mumkin. Yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida aeroport hududida qo‘nish-chiqish (boarding) zonasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar o‘rnatilgan.
Boshqa avtomobillar — kutib oluvchilar va rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan tashuvchilar uchun kelish zonasida qo‘shimcha kirish yo‘lagi ajratilgan. Bu hududda to‘xtash 10 daqiqagacha cheklangan bo‘lib, nazorat IIVning videokuzatuv tizimi orqali amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston aeroportlari rekord darajadagi 15 millioninchi yo‘lovchini qabul qilgani xabar qilingan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.