
Oʻzbekistonda 2030 yilgacha mahalliy yoʻnalishlarda temiryoʻl orqali yoʻlovchi tashish koʻrsatkichlarini oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat ichki yoʻnalishlardagi qatnov hajmini sezilarli kengaytirish va elektr poyezdlar tarmogʻini rivojlantirishni koʻzda tutadi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Rejaga koʻra, 2030 yilga borib mahalliy temiryoʻl marshrutlarida yiliga tashiladigan yoʻlovchilar soni 10,5 milliondan 23,5 million kishiga yetkaziladi. Elektr poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladigan yoʻnalishlar soni ham 40 tadan 53 tagacha oshiriladi.
Qarorda Transport vazirligi va “Oʻзбекистон темир йуллари” AJ uchun yoʻlovchi tashuvlarini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilangan. Xususan, 2026 yildan 465 kilometrli elektrlashtirilgan “Buxoro – Xiva” liniyasi boʻylab “Toshkent – Urganch – Xiva” yoʻnalishida yuqori tezlikdagi elektr poyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2026 yil yakunigacha 196 kilometrli “Miskin – Nukus” uchastkasini elektrlashtirish ishlari tugallanishi ko‘zda tutilgan. Shundan so‘ng mazkur yo‘nalishda ham yuqori tezlikdagi elektr poyezdlar qatnovi tashkil etiladi.
“Angren – Pop” hamda “Toshgʻuzar – Boysun – Kumqoʻrgʻon” temiryoʻl uchastkalarini modernizatsiya qilish masalasi ham alohida e’tiborda. Ushbu ishlar natijasida 2030 yilgacha Andijon, Namangan, Fargʻona va Surxondaryo viloyatlarida tezkor elektr poyezdlar harakatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, yangi yil arafasida ommabop yo‘nalishlarda “Afrosiyob” yuqori tezlikdagi poyezdining qo‘shimcha reyslari ham yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.