Yashil iqtisodiyot va chiqindilar bilan ishlash sohasini qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi choralar qabul qilindi

O'zbekistonda 2028 yil 1 yanvargacha elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari, ularning ehtiyot qismlari va servis infratuzilmasini yaratish hamda rivojlantirishga mo'ljallangan texnologik uskunalarni olib kirishda bojxona boji nol stavkada qo'llanadi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Xuddi shunday imtiyoz ipakni qayta ishlash va to'qimachilik uskunalari uchun ehtiyot qismlar, tut daraxti urug'i va ko'chatlari, shuningdek tut ipak qurti uchun superelita, elita va sanoat urug'lariga ham tatbiq etiladi.
Prezident farmonida uzoqroq muddatga mo'ljallangan alohida chora-tadbirlar ham belgilandi: 2031 yil 1 yanvargacha maishiy, qurilish va tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qiluvchi korxonalar, shuningdek biologik parchalanadigan polimer materiallarni qayta ishlovchi subyektlar faoliyatida foydalaniladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan maxsus texnika, texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar bojxona bojlaridan ozod etiladi.
Shu bilan birga, chiqindilar bilan ishlash sohasidagi ishtirokchilar uchun imtiyozli soliq rejimi joriy qilinadi. 2026 yil 1 yanvardan 2031 yil 1 yanvargacha «Chiqindilar poligonlarini boshqarish direksiyasi» davlat muassasasi va belgilangan mezonlarga bir vaqtning o'zida javob beradigan soliq to'lovchilar uchun foyda solig'i (dividendlar ko'rinishidagi daromadlar bilan birga) hamda ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi.
Soliq yengilliklari bir qator talablar bajarilganda qo'llanadi. Jumladan, hisobot soliq davri yakunlariga ko'ra chiqindilarni yig'ish, olib chiqish, saralash va qayta ishlashdan olingan daromad umumiy tushumning kamida 90 foizini tashkil etishi kerak. Bundan tashqari, har bir xodimga oylik ish haqi kamida eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida hisoblanishi lozim.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!