Sun'iy intellekt bo'yicha eng yaxshi natija ko'rsatgan maktablar elektromobil bilan taqdirlanadi

O'zbekistonda sun'iy intellekt yo'nalishida eng yuqori natijalarga erishgan maktablar elektromobillar bilan rag'batlantiriladi. Bu tartib 2025 yil 31 dekabrdagi Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan bo'lib, u yoshlarni IT sohasiga keng jalb etish va raqamli ko'nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Hujjatga ko'ra, mamlakatda “Sun'iy intellekt sohasida besh million lider” loyihasi yo'lga qo'yiladi. U avvalgi “Bir million dasturchi” tashabbusining mantiqiy davomi sifatida rejalashtirilgan. Loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Tashabbus doirasida yoshlarni sun'iy intellekt texnologiyalari bilan ishlash ko'nikmalariga ommaviy o'qitish bilan birga, yuqori natija ko'rsatgan ishtirokchilar, pedagoglar va ta'lim muassasalarini tizimli rag'batlantirish ko'zda tutilgan. Shu maqsadda har yili milliy tanlov o'tkazilib, loyiha doirasidagi eng yaxshi ishtirokchilar aniqlanadi.
Tanlov g'oliblari pul mukofotlari va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanadi. Xususan, 100 nafar o'qituvchiga 1 ming dollar ekvivalentida pul mukofoti beriladi, yana 10 nafar pedagog xorijga sayohat yo'llanmalari bilan rag'batlantiriladi. Yoshlar uchun 500 ta noutbuk va 500 ta qimmatbaho sovg'a ajratiladi.
Bundan tashqari, uchta oliy ta'lim muassasasi pul mukofotiga ega bo'ladi. Sun'iy intellekt yo'nalishida eng yaxshi natija qayd etgan ikki umumta'lim maktabi esa “Prezident sovg'asi” sifatida elektromobillar bilan taqdirlanadi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekistonda bog'cha va maktab pedagoglari o'rtacha ish haqini bosqichma-bosqich ikki baravar oshirish rejalashtirilgan. Bu norma jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgan prezident farmoni loyihasida nazarda tutilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!