Uzbekistan Airways ichki reyslar yo‘lovchilari uchun chipta qoidalarini yangilaydi

Uzbekistan Airways 2026 yil yanvaridan ichki reyslarda marshrutdan o‘tish tartibini buzgan yo‘lovchilar uchun chipta ishlatish qoidalarini yangilaydi. Aviakompaniya o‘zgarishlar faqat mamlakat ichidagi parvozlarga taalluqli ekanini bildirdi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Yangi tartibga ko‘ra, yo‘lovchi marshrutning birinchi yoki undan oldingi istalgan bo‘lagini o‘tkazib yuborsa ham, keyingi segmentlar bo‘yicha bron saqlanib qoladi va safarni davom ettirish mumkin bo‘ladi. Biroq foydalanilmagan uchastkalar qiymati qaytarilmaydi — faqat aeroport yig‘imlari bo‘yicha refund qilish mumkin.
Shuningdek, segmenti o‘tkazib yuborilgan bunday chiptalarni boshqa sana yoki reysga qayta rasmiylashtirishga ham ruxsat berilmaydi.
Xalqaro yo‘nalishlarda esa amaldagi qoidalar o‘zgarishsiz qoladi: agar yo‘lovchi birinchi yoki oldingi segmentga kelmasa, keyingi uchastkalar bo‘yicha bron avtomatik bekor qilinadi. Bunday vaziyatda yo‘lovchi tanlangan tarif shartlariga muvofiq chiptani qaytarishi yoki almashtirishi mumkin.
Aviakompaniya ichki reyslar bo‘yicha yangiliklar yo‘lovchilar uchun shartlarni soddalashtirishga qaratilganini, xalqaro parvozlarga ta’sir qilmasligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Airbus A320 samolyotlari bo‘yicha dasturiy ta’minotdagi xatolik sabab dunyo bo‘ylab keng ko‘lamli qaytarib olish haqida xabarlar chiqqanidan so‘ng, Uzbekistan Airways o‘z parkidagi ushbu model samolyotlari yangilanganini va cheklovlarsiz ekspluatatsiyada qolayotganini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!