Ilmiy nashrlar sifati uchun xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz Rossiya Federatsiyasining “Ilmiy kommunikatsiyalar instituti” bilan ilmiy hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Mazkur kelishuv ilmiy tadqiqotlar darajasini yuksaltirish, akademik nashrlar sifatini oshirish hamda “O‘zbekistonning eng yangi tarixining dolzarb masalalari” nomli ilmiy jurnalning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini kuchaytirishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida ilmiy maqolalarni tayyorlash va tahrir qilish jarayonlarini takomillashtirish, xalqaro standartlarga mos nashr etish amaliyotini joriy etish, shuningdek, tahririyat a’zolari va tadqiqotchilar uchun tajriba almashish ishlarini olib borish rejalashtirilgan. Shu orqali jurnal mazmuni va sifati yanada yuksalishi, uning xalqaro ilmiy bazalardagi nufuzi oshishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu hamkorlik ilmiy kommunikatsiyalar sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, milliy tarix bo‘yicha tadqiqotlarning xalqaro ilmiy jamoatchilikka kengroq yetkazilishiga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, memorandumning imzolanishi O‘zbekistonda tarixiy tadqiqotlar sifatini oshirish va ilmiy nashrlarning global ilmiy maydonda munosib o‘rin egallashi yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!