Prezident Mirziyoyev IIVda kadrlar o‘zgarishini amalga oshirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar vazirligida bir qator kadrlar tayinlov va ozod etishlar bo‘yicha qarorlar qabul qildi. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.
Ayubxon Rahmatullayev IIV birinchi o‘rinbosari — Operativ-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimidan boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan ozod etildi. Shuningdek, Davron Nazarmuhamedov IIV vazir o‘rinbosari — Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar ta’minoti departamenti boshlig‘i lavozimini tark etdi.
Bo‘shagan lavozimlarga yangi rahbarlar tayinlandi. Botir Qudrathodjayev IIV birinchi o‘rinbosari — Operativ-qidiruv departamenti boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ishlagan.
Rustam Jurayev IIV birinchi o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlanib, shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni lavozimidan ozod etildi.
Rustam Mirzayev korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha komplaens va ichki nazorat masalalari yuzasidan IIV vazir o‘rinbosari etib tayinlandi. U avval Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Diyorbek Sattorov esa IIV vazir o‘rinbosari — Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar ta’minoti departamenti boshlig‘i etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u Prezident Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi masalalari departamentida sektor mudiri bo‘lib ishlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!