date

Bugundan O‘zbekistonga sovuq antisiklon kirib kelmoqda

Bugundan O‘zbekistonga sovuq antisiklon kirib kelmoqda

Bugun, 7 mart kuni O‘zbekiston hududiga sovuq antisiklon kirib kelmoqda. Bu haqda O‘zgidromet ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, sovuq havo oqimi kirib kelishi ortidan atmosfera havosi sifati yomonlashishi kutilmoqda. Havo aylanishining sekinligi va harorat inversiyasi yuzaga kelishi ehtimoli sababli ifloslantiruvchi moddalar atmosferaning yerga yaqin qatlamida to‘planib borishi mumkin.

Ayni paytda hududda harorat inversiyasini keltirib chiqaruvchi meteorologik sharoitlar kuzatilmoqda. Bu kechasi 5–7 daraja, kunduzi esa 16–18 daraja iliq bo‘lishi bilan bog‘liq keskin harorat tafovuti fonida yuz beryapti.

Ma’lumotda aytilishicha, Toshkent shahri nam va nisbatan salqin havo massasi ta’sirida qolmoqda. Ertalabki soatlarda tuman, yuqori namlik va deyarli shamolsiz ob-havo kuzatilib, bu havo almashinuvining juda sust kechishiga sabab bo‘lmoqda. Oqibatda chiqindilar shahar hududida saqlanib qolishi mumkin.

Shuningdek, atmosferada shaharga xos odatiy ifloslantiruvchi moddalar to‘planishi qayd etilmoqda. Ularning asosiy manbalari avtotransport, isitish tizimlari, yoqilg‘i yoqilishi hamda sanoat chiqindilari hisoblanadi. Bunday sharoitda ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishi qiyinlashadi va havoda chang hamda mayda dispersli zarrachalar miqdori ortishi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, bunday holat yaqin uch kun davomida saqlanib turishi ehtimol. 10 martga borib sovuq antisiklon mamlakat hududini to‘liq qamrab oladi. Havo harorati barqarorlashishi, shamol tezligining kuchayishi va yog‘ingarchilik kuzatilishi ortidan esa atmosferadagi ifloslantiruvchi moddalar tarqalishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bugundan O‘zbekistonga sovuq antisiklon kirib kelmoqda