date

Toshkentda yaqin kunlarda havo sifati keskin yomonlashishi mumkin

Toshkentda yaqin kunlarda havo sifati keskin yomonlashishi mumkin

Bugundan boshlab mamlakat hududiga sovuq antisiklon kirib kelishi ortidan atmosfera havosi sifati vaqtincha yomonlashishi mumkin. Bu haqda “O‘zgidromet” ma’lum qildi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, havo aylanishining sekinlashuvi va harorat inversiyasi shakllanishi ehtimoli sababli ifloslantiruvchi moddalar atmosferaning yerga yaqin qatlamida to‘planib borishi mumkin.

Qayd etilishicha, ayni paytda hududda harorat inversiyasiga olib keluvchi meteorologik sharoitlar kuzatilmoqda. Bu kechasi +5…+7°C, kunduzi esa +16…+18°C atrofida saqlanayotgan keskin harorat tafovuti bilan izohlanmoqda. Toshkent shahri esa nam va nisbatan salqin havo massasi ta’sirida qolmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, tonggi soatlarda tuman, yuqori namlik va deyarli shamolsiz ob-havo kuzatilayotgani havo almashinuvini sekinlashtirmoqda. Oqibatda chiqindilar shahar hududida saqlanib qolishi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, bunday sharoitda shaharga xos odatiy ifloslantiruvchi moddalar — avtotransport chiqindilari, isitish tizimlari, yoqilg‘i yoqish jarayoni hamda sanoat chiqindilari atmosferada jamlanadi. Ifloslantiruvchi moddalar tarqalishining sust kechishi sababli havoda chang va mayda dispersli zarrachalar miqdori ortishi ehtimoli bor.

Prognozlarga ko‘ra, mazkur vaziyat yaqin uch kun davomida saqlanib turishi mumkin. 10 martga kelib sovuq antisiklon mamlakat hududini to‘liq qamrab oladi. Shundan keyin havo harorati barqarorlashishi, shamol tezligining kuchayishi va yog‘ingarchilik kuzatilishi natijasida atmosferadagi ifloslantiruvchi moddalar tarqalishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda yaqin kunlarda havo sifati keskin yomonlashishi mumkin