07:10 / 18.04.2017
6 802

Migrasiya agentligida jonlanish. Jiddiy o‘zgarish kutilmoqda

Migrasiya agentligida jonlanish. Jiddiy o‘zgarish kutilmoqda
O‘zbekiston Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi Koreyaga ishga jo‘natish jarayonidagi test sinovlari vaqtida yuzaga kelgan muammolar tufayli imtihonni topshira olmagan kishilar bilan savol-javob uyushtira boshladi.

Sayt tahririyatiga ma’lum qilishlaricha, savol-javob jarayoni jeton uchun test sinovlarida qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgan, biroq vaqt etmagani sababli jarayonda qatnasha olmagan va shundan so‘ng ko‘plab noqulayliklar borasida mamlakat prezidentiga portal orqali murojaat qilgan shaxslar uchun deyarli maxfiy ravishda o‘tkazilmoqda.

Bu ma’lumotlar ishonchli manbalar tomonidan tasdiqlandi. Portalga shikoyat qilganlar bilan telefon orqali aloqaga chiqilib, ular agentlikka chaqirilayotgani aytildi.

Bundan tashqari, testda ishtirok etgan, lekin murakkab va sohaga aloqador bo‘lmagan savollar tufayli undan o‘ta olmaganlar ham portalga murojaat qilgan bo‘lsa, chaqirilmoqda. O‘z navbatida, testdan o‘tganlar ham chaqirilmoqda, ular boshqalar yordamidan foydalangani aniqlangan. Ular bilan koreyalik hamkorlar alohida suhbat qilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 1-2 aprel kungi testda yiqilganlarlarning ko‘pchiligi suhbatdan o‘ta olishgan. Ularga koreys tilida turmush tarzida ishlatiladigan oddiy savollar berilgan va bir nechta shunday savolga to‘g‘ri javob bera olish kifoya qilmoqda.

«Kun.uz» manbasi hodisa joyida bo‘lgan. Uning aytishicha, agentlik binosida anchagina odam to‘plangan.

Shu bilan birga, suhbatga kirish va undan o‘tish natija keltirmasligi ham mumkin.

«Istasangiz kiring, istamasangiz kirmang. Buning ahamiyati yo‘q. Hali nima bo‘lishi aniq emas. Bizda 3 variant bor. Hammasi boshidan boshlanishi mumkin, shu natija qolishi ham mumkin. Yoki butunlay to‘xtatilishi ehtimoli ham yo‘q emas», degan bino ichidan chiqib kelgan agentlik vakili.

U portalga shikoyatlar juda ko‘pligi tufayli vaziyat ko‘rib chiqilayotganini aytib o‘tgan.

Kun oxirida yana bir yangilik paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, agentlik rahbari ishdan ketgan. Endi barchasi boshidan, ro‘yxatga olish jarayonidan boshlanishi mumkin.

Boshqa ishonchli manba ham Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi migrasiya agentligida kadrlar masalasida o‘zgarishlar bo‘lishi haqida xabar berdi.

Bu borada yaqin vaqtlar ichida rasmiy ma’lumot e’lon qilinishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Migrasiya agentligida jonlanish. Jiddiy o‘zgarish kutilmoqda