O‘zbekistonni yana kuchli issiqlar to‘lqini qamrab olmoqda

O‘zbekistonni yana kuchli issiqlar to‘lqini qamrab olmoqda

O‘zbekistonda yangi hafta issiq va asosan quruq ob-havo bilan boshlanadi. Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning aksariyat hududlarida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi, ayrim tog‘li joylarda esa qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Toshkent shahrida kun davomida havo biroz bulutli bo‘ladi, ammo yomg‘ir kutilmayapti. Kunduzi havo harorati 35-37 darajagacha ko‘tariladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq ehtimoli saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, kuchli shamol va chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.

Buxoro, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax hamda Toshkent viloyatida ham asosan quruq ob-havo hukm suradi. Harorat kunduzi 32-37 daraja atrofida bo‘ladi.

Eng issiq havo Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kuzatilishi kutilmoqda. Bu hududlarda termometr ko‘rsatkichi 39 darajagacha yetishi mumkin.

Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ham yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kunduzi 32-37 daraja oralig‘ida bo‘ladi.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda esa ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar sel-suv toshqini xavfi saqlanib qolayotgani haqida ogohlantirmoqda.

Sinoptiklarning qayd etishicha, yoz mavsumi davomida mamlakatda yanada kuchli issiq to‘lqinlari kuzatilishi mumkin. Ayrim kunlarda havo harorati 42-44 darajagacha, cho‘l va janubiy hududlarda esa 45-47 darajagacha ko‘tarilishi ehtimoldan xoli emas.

Shu bois aholiga kunning eng issiq paytlarida ehtiyotkor bo‘lish, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish va uzoq vaqt quyosh ostida qolmaslik tavsiya etilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar

O‘zbekistonni yana kuchli issiqlar to‘lqini qamrab olmoqda – Zamin.uz, 07.06.2026