O‘zbekistonda eng ko‘p pensionerlar yashaydigan hudud ma’lum qilindi

O‘zbekistonda qaysi hududda pensionerlar eng ko‘p ekani ma’lum bo‘ldi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Farg‘ona viloyati respublikada birinchi o‘rinni egallab turibdi. Hududda har sakkiz nafar aholining biri pensiya oluvchi hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarim yilligi yakuniga kelib Pensiya jamg‘armasi tizimida pensiya oluvchilar soni 4 million 361 ming 432 nafarga yetgan. Bu esa mamlakat umumiy aholisining 11 foizdan ortiq qismi pensiya olishini anglatadi. Pensionerlarning 83 foizi yoshga doir, 11 foizi nogironlik, 6 foizi esa boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oladi.
Tahlillarga ko‘ra, 2025 yil iyulidan 2026 yil iyuliga qadar pensionerlar soni 158,9 ming nafarga, ya’ni 3,8 foizga oshgan. Ayni paytda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha oylik pensiya miqdori 1 million 688 ming so‘mni, eng kam pensiya esa 878 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Farg‘ona viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda 515,4 ming nafar pensioner istiqomat qiladi. Shuningdek, Farg‘ona, Samarqand, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi pensionerlar respublikadagi jami pensiya oluvchilarning 41 foizini tashkil qiladi.
Eng kam ko‘rsatkich esa Sirdaryo viloyatida qayd etilgan. U yerda 111,3 ming nafar pensioner yashaydi. Bu Farg‘ona viloyatidagi ko‘rsatkichdan 4,6 baravar kam ekani qayd etilgan.
Shuningdek, rasmiy prognozlarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya miqdori kelgusi yillarda ham bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Joriy yil yakunigacha uni 1,7 million so‘mga, 2027 yilda 1,8 million so‘mga, 2028 yilda 1,9 million so‘mga, 2029 yilga kelib esa 2,1 million so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.






























Izohlar 0
…