O‘zbekistonda har kuni 137 ta oila ajrashmoqda — yangi statistika

O‘zbekistonda nikohdan ajralish holatlari ortib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–iyun oylarida mamlakat bo‘ylab 24 815 ta oila rasman ajrashgan. Bu esa har kuni o‘rtacha 137 ta oila tarqalayotganini anglatadi.
Hisobotga ko‘ra, har ming nafar aholiga nisbatan ajrimlar koeffitsiyenti 1,3 promilleni tashkil etgan. Ya’ni, har 1000 nafar aholi hisobiga o‘rtacha 1,3 ta nikoh bekor qilingan.
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ajrimlar soni oshgan. Xususan, 2025 yilning birinchi yarmida 23,3 mingta ajrim qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich qariyb 1,5 mingtaga ko‘paygan.
Hududlar kesimida eng ko‘p ajrim Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda olti oy davomida 3222 ta nikoh bekor qilingan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati (2676 ta), Samarqand viloyati (2608 ta), Andijon viloyati (2471 ta) hamda Toshkent viloyati (2334 ta) joy olgan.
Eng kam ajrim esa Navoiy viloyatida kuzatilgan bo‘lib, bu yerda 673 ta nikoh rasman bekor qilingan.
Shu bilan birga, hisobot davrida mamlakatda jami 92,3 mingta nikoh qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 mingtaga kamaygan.
Statistikaga ko‘ra, ajrimlarning asosiy qismi shaharlarda qayd etilgan. Jami nikohdan ajralish holatlarining 60,1 foizi shaharlarga, 39,9 foizi esa qishloq hududlariga to‘g‘ri kelgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari shuni ko‘rsatmoqdaki, 2026 yilning dastlabki yarmida mamlakatda nikohlar soni qisqargan, ajrimlar esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish qayd etgan.






























Izohlar 0
…