Chigirtkalar galasi xavf tug‘dirmoqdami? FVV javob berdi

Chigirtkalar galasi xavf tug‘dirmoqdami? FVV javob berdi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning g‘arbiy hududlarida chigirtkalarning ommaviy tarqalishi aks etgan videolar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlarida kuzatilgan chigirtkalar galasi favqulodda holat emas. Bu har yili qayd etiladigan mavsumiy jarayon bo‘lib, hasharotlarning bir hududdan boshqasiga ko‘chishi bilan bog‘liq.

Ta’kidlanishicha, vaziyat mahalliy xususiyatga ega bo‘lib, hozirga qadar qishloq xo‘jaligi ekinlari yoki boshqa mahsulotlarga zarar yetgani qayd etilmagan.

FVV ma’lum qilishicha, chigirtkalar bilan bog‘liq holat doimiy monitoring qilinmoqda va vaziyat to‘liq nazorat ostida saqlanmoqda. Shu bois aholi o‘rtasida xavotirga o‘rin yo‘q.

Himoyalovchi kiyimdagi xodimlar dalada maxsus purkagichlar bilan dezinfeksiya ishlarini olib bormoqda.

Shuningdek, har yili chigirtkalarga qarshi kurash ishlari FVV, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda boshqa mas’ul tashkilotlar hamkorligida amalga oshiriladi. Mavsum boshlanishidan oldin va davomida hududlarda maxsus kimyoviy ishlovlar o‘tkazilib, zararkunandalar tarqalishining oldi olinadi.

Mutaxassislar vaziyat barqaror ekanini ta’kidlab, aholini tasdiqlanmagan xabarlarga emas, rasmiy manbalarga tayanishga chaqirmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar